ASKAR QASAMI
Vatan, sarhadlaring omon boʻlsin, deb,
Mevazor bogʻlaring larzon boʻlsin, deb,
Farzandi jonlaring sogʻlom boʻlsin, deb,
Senga yuqqan gardni olmoqqa shayman -
Tinchlikka qasamyod qilib yashayman!
Ilm ista ukajon, hikmat – ilmda,
Bilgilki, ilm-irfon - qismat elimga,
Boq har taraf, oʻgʻlon, hayot yoʻlingda
Boʻlsa neki gʻovlarni olmoqqa shayman -
Sogʻlikka qasamyod qilib yashayman!
Bir yuz oʻttiz olti millat bolasi,
Yoʻqdir hech kam-koʻsti, ozod dunyosi,
Har birining doʻsti tenglik navosi.
Ahil elim, deya mehrim toʻshayman -
Totuvlikka qasam bilan yashayman!
Oy koʻkka oʻrlaydi, tunlar farahli,
Dil shodon kuylaydi, necha farsahli
Vatan kengliklarin kezgan mahali,
Visolga oshiqqan koʻngilda nayman -
Pok ishqqa qasamyod qilib yashayman!
Tarix qaddin tutib, soʻzlab turibdi,
Balki dardin yutib, boʻzlab turibdi,
Zardi jondan oʻtib, tuzlab turibdi,
Vatan! Darding yuvib oʻtguvchi soyman -
Hurlikka qasamyod qilib yashayman!
Avlodlar Istiqbol tomon yurdilar,
Kulib baxt-u iqbol, javlon urdilar,
Ulugʻ Jaloliddin Manguberdilar,
Temuriy oʻgʻlonlar boshida oyman -
Quyoshingga qasam bilan yashayman!
Vatan, har goʻshangda baxtni koʻrmoq-chun
Va mangu osuda Vaqtni koʻrmoq-chun,
Hurlikning eng ulugʻ taxtin qurmoq-chun,
Metin qalqon oʻzim, kamon-u yoyman -
Baxtingga qasamyod qilib yashayman!
Onajon, dedim men, tuprogʻing oʻpdim.
Tugʻingni tutdim men, bayrogʻing oʻpdim,
Men kim Askar oʻgʻling, poyingga choʻkdim,
Oʻzbekiston! Jonim bermoqqa shayman,
Kelajakka qasam bilan yashayman!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶