NAMUNALI OILA – MAHALLA KOʻRKI
Oila tinch, mustahkam boʻlsa, bunday oiladan fayz-u, baraka arimaydi. Bunday oilalar koʻp ekan, Vatanimiz kundan-kun gullab yashnayveradi. Mana shunday namunali oilalar bizning "Qizilcholi” mahallamizda juda koʻp. Shulardan biri, Qoʻchqorov Quvvatboy aka va Yoʻldosheva Gulposhsha opalar xonadoni. Ularning goʻzal hayoti keksa onasi – 83 yoshli Qoʻchqorova Pardagul momoning hayot yoʻlida berayotgan oʻgit-u maslahatlari, oq fotihasining, farzandiga bergan yaxshi tarbiyasining bugungi kundagi mevasi, desak hech mubolagʻa emas. Quvvatboy aka va Gulposhsha opa tinch-totuv, ahil-inoqlikda, baxtli yashab 5 farzand – 4 qiz, bir oʻgʻilni voyaga yetkazmoqda. Farzandlari odobli, zehnli, chaqqon, qizlari tikuvchilik bilan ham shugʻullanadi. Kenja qizi bu yil maktabni tugatib shifokorlik kasbini tanlamoqchi, oʻgʻli esa 9-sonli maktabning 7-sinfida aʼlo baholarga oʻqiydi. Boʻsh paytlarida oilaviy oʻz tomorqalarida mehnat qiladilar, meva-yu sabzavotlarni oʻzlari yetishtiradilar, farzandlari har ishda ota-onalariga koʻmakchi. Adabiy muhitda tarbiya olgan qizlar adabiyot, sheʼriyat shaydosi, hatto sheʼrlar ham mashq qilib turar ekan.
Xonadonlariga kirsang, nur yogʻilib turganday, ozoda, saranjom-u sarishta, obodon. Bu xonadon mahallamiz tomonidan 2013-yilda eng namunali oila, deb eʼtirof etildi.
Quvvatboy aka "Qizilcholi” mahallasida yangidan qurilgan QVPda qorovul boʻlib ishlaydi, Gulposhsha opa esa shu yerdagi 9-sonli maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars berib, ilm-u maʼrifat nurlarini taratadi. Mana shunday fidokorona, halol mehnatlari orqasidan ovul-elda martabasi ulugʻ, obroʻsi baland. Ha, bunday havas qilsa arziydigan oilalar borasida soʻz ketganda, soʻzlarim ado boʻlmay ketadi. Bu kabi farishtali xonadonlar bizning "Qizilcholi” mahallamizda juda koʻp. Mahallamiz obod, yurtimiz tinch, koʻngillar xotirjam, har birimiz shunday oilalardan namuna olib, tinchlikning, toʻkinlikning qadriga yetaylik.
Yulduz Yusupova.
(Foto - http://old.qashqadaryogz.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶