“BIZ GIYoHVANDLIKKA QARShIMIZ!”
Oʻziga toʻq, boy-badavlat oila sohibi uy toʻrida kerilib, kibr-havo bilan oʻtiribdi. Goʻyo oʻzini bu dunyoning barcha muammolarini hal etib qoʻygan qahramonlarday his qilayotgan oila sohibi ayolidan:
- Xonim, oʻgʻling koʻrinmaydi, qizing qayerda?-deya soʻradi.
Qarang, "oʻgʻlimiz, qizimiz”, deyayotgani yoʻq. Xuddi oilada otalik majburiyatini ham aʼlo darajada bajarib qoʻyganday, oʻz rafiqasiga ham kibr-havo bilan savol berayotir. Oʻgʻil bilan qiz esa (haddan tashqari erkatoyligi bilinib turibdi) ota-onasiga salom berish, hol-ahvol soʻrashish oʻrniga xuddi kelishib olishganday, dasturxonga oʻtirmaslaridanoq pul soʻrashdi. Ota jim, ona esa eriga yaltoqlanib:
- Otasi, beraqoling, kursdoshlari bilan "oʻtirish”i bor ekan, - shugina pul ne boʻpti, qabilida erini koʻndirishga ovora. Boyvachcha er esa: "pul nimaga, qanday ehtiyoj uchun zarur?”-deya soʻrashni ham oʻziga ep koʻrmadi shekilli:
- Pulmi, mana! – deya oʻgʻliga ham, qiziga ham naq "koʻk”idan 50 talikni tutqazdi va kerilib qoʻshib qoʻydi. – Bosh-koʻzingning sadaqasi, bayramda bir huzur qilinglar.
"Bayramda huzur qilgan” oʻgʻil bilan erka qiz biri yarim tunda, biri esa tongda shirakayf boʻlib qaytishdi.
Kunlar shu taxlit oʻtdi. Ota-ona oʻgʻil-qizining raʼyini qaytarishmadi. Istaganini muhayyo qilishdi. Oqibatda esa... Qizning hayoti izdan chiqdi, oʻgʻil giyohvandlikka ruju qoʻydi. Avval kayfiyatini koʻtarish uchun qora ogʻuni tortgan boʻlsa, endi butun jism-u jonini otash-olovday qaqshatayotgan xumor xurujini bosish uchun doimiy isteʼmol qilishga oʻtdi. Oz-ozdan boshlangan isteʼmol qilish mayli oʻgʻilni qip-qizil nashavandga aylantirib, alal-oqibat bu oila uchun katta fojiaga aylandi. Hali oʻn gulidan bir guli ochilmagan barvasta, koʻrkam yigitning jasadi ustida qon qaqshab faryod chekkan ota-onaning na mol-davlati, na afsus va nadomati farzandini oʻlimdan asrab qolgani yoʻq...
Tumanimiz yoshlari – Amudaryo qishloq xoʻjalik, Amudaryo xizmat koʻrsatish va servis kasb-hunar kollejlari hamda Mangʻit iqtisodiyot kolleji talabalari tomonidan maromiga yetkazib ijro etilgan yuqoridagi sahna koʻrinishi orqali maʼnaviy hayotimizdagi boʻshliq – oilada ota-onaning tutgan oʻrni, pul-boylik topib, farzand tarbiyasi borasida aql-u bilim topmagani, loqaydlikka berilib, farzandlarini moddiy jihatdan taʼminlab, maʼnaviy tarbiya berolmaganliklarini haqqoniy koʻrsatib bera olishdi.
"XXI asr vabosi” nomini olgan va umumbashariy global muammoga aylangan giyohvandlik va giyohvand moddalar ishlab chiqarishga qarshi kurash tobora avj olib, ushbu illatga qarshi kurash yoʻlida mamlakatlar, millatlar va elatlar birlashib harakat qilayotgan bir paytda yoshlarning bu muammo yechimini topishga intilishi barchani toʻlqinlantirib yubordi.
Shu barobarida ota-onaning vazifasi farzandini moddiy jihatdan taʼminlashdan koʻra, ularga beradigan maʼnaviy sabogʻi barcha narsadan muhimligini taʼkidlashdi.
Tuman madaniyat va sport ishlari boʻlimi, Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi tuman Kengashi, Mangʻit iqtisodiyot, Amudaryo qishloq xoʻjalik, Amudaryo xizmat koʻrsatish va servis kasb-hunar kollejlarining oʻquvchi-yoshlari tomonidan tashkil etilgan va 26-iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda tumanimizda faoliyat yuritayotgan uchta oʻquv maskanining iqtidorli yoshlari nafaqat sahna koʻrinishlari, balki giyohvandlikka qarshi kurash mavzusidagi oʻz fikrlari bilan ham tadbirda faol ishtirok etishdi.
- Butun dunyoda, - dedi tadbirda soʻzga chiqqan OʻzMTDP tuman Kengashi raisi oʻrinbosari Shirin Yangiboyeva – kuniga 200 ming nafar giyohvand odam vafot etayotir. Birlashgan Millatlar tashkilotining xabarlariga koʻra, faqat 2009-yilning oʻzida dunyo miqyosidagi giyohvandlik bilan bogʻliq jinoiy faoliyat 2,1 trillion dollarni tashkil etgan. Demak, biz bu ogʻuga qarshi har lahzada ogohlik bilan kurash olib bormogʻimiz darkor.
- "Biz giyohvandlikka qarshimiz!” – qoʻllarini birlashtirib, joʻrovoz boʻlib qayta-qayta takrorlashdi yoshlar.
Amudaryo xizmat koʻrsatish va servis kasb-hunar kolleji talabalari tomonidan tayyorlangan koʻrgazmali devoriy gazeta orqali shunday maʼlumotlarga alohida urgʻu berildi:
- BMT xabariga koʻra, dunyoda 150 mln. odam kannabis giyohvand moddasiga ruju qoʻygan;
- 13 mln. kishi kokain isteʼmol qiladi;
- 10 mln. odam esa ashaddiy geroin isteʼmolchisiga aylanib ulgurgan.
Nafaqat bir-birining qoʻllaridan tutgan, balki bu giyohvandlik balosiga qarshi kurash borasidagi maqsadlari ham birlashib, XXIasr vabosi – giyohvandlik va giyohvand moddalar ishlab chiqarilishiga qarshi boʻlgan tumanimiz yoshlari jamiyatimiz ravnaqi, barkamol avlod tarbiyasi yoʻlida barcha gʻovlarga qalqon boʻlajaklarini oʻtkazilgan tadbir ruhiga singdira olishdi.
Tadbirda oʻquvchi-yoshlar tomonidan ijro etilgan yoshlikni, baxt-saodatni, tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar, vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlar har bir koʻngilga xushnudlik bagʻishladi.
Tadbir yakunida uchala oʻquv maskanining aʼlochi va jamoatchi oʻquvchi-yoshlariga OʻzMTDP tuman Kengashining Faxriy yorliqlari topshirildi.
***
Shu kuni Mangʻit iqtisodiyot kolleji oʻquvchisi Aziza Madrahimovaning yaqinda, "Xorazm” nashriyotida nashrdan chiqqan "Bahordan darak” risolasining taqdimot marosimi ham boʻlib oʻtdi.
Marosimda soʻzga chiqqan adabiyot ixlosmandlari Aziza Madrahimova qalamiga mansub sheʼrlarning maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati haqida gapirib, yosh va umidli qalamkashga ijodiy barkamollik tiladilar.
Robiya YOʻLDOShEVA.
(Foto - http://uz24.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶