BERUNIY NOMLI MAHALLA FUQAROLAR YIGʻINI BINOSIDA "BIZ KORRUPTsIYaGA QARShIMIZ!" NOMLI GRANT LOYIHASI DOIRASIDA UChRAShUV OʻTKAZILDI
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish masalasi tobora dolzarb ahamiyatga ega boʻlib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida deyarli har kuni korruptsiya bilan bogʻliq jinoyatlar yoritilib borilishi, bu mazkur yoʻnalishda barcha sohalar boʻyicha jiddiy va samarali ish olib borilayotgani, jamiyatimizda korruptsiyaga nisbatan huquqiy immunitetning shakllanayotganidan dalolat beradi.
Avvalo shuni taʼkidlash lozimki, korruptsiya insoniyat tomonidan oʻylab topilgan eng xunuk va yoqimsiz illatdir. Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, "korruptsiya illati hatto eng qudratli va kuchli davlatlarni ham jar yoqasiga olib kelgan va parokanda qilgan". Chunki korruptsiyalashgan jamiyatda insonlarda davlatga ishonch yoʻqoladi, maqsadga intilish, insonning oʻzi sevib shugʻullanadigan muayyan faoliyatga nisbatan ishtiyoq hissini soʻndiradi.
2017-yil 3-yanvarda "Korruptsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi ushbu yoʻnalishda tom maʼnoda katta oʻzgarishlar yasalishini taʼminladi va korruptsiyaga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining, balki butun jamiyatimizning zimmasidagi masʼuliyatli vazifaga aylandi.
Bu "Taraqqiyot koʻzgusi" gazetasi tahririyatining Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan "Biz korruptsiyaga qarshimiz!" nomli grant loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Mazkur loyiha doirasidagi oshkora va ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvlar va davra suhbatlariga Amudaryo tumanining eng chekka hududlaridagi fuqarolar ham qamrab olinib, korruptsiyaga qarshi kurash boʻyicha aholining huquqiy savodxonligini oshirishga hissa qoʻshilmoqda.
8-sentyabr kuni Mangʻit shahrining Beruniy nomli mahallasida loyiha doirasida oʻtkazilgan uchrashuvda fuqarolar yigʻini masʼullari, huquqshunoslar, grant loyihasi koordinatorlari va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Uchrashuvni mahalla fuqarolar yigʻini raisi Maʼrufjon Hojisoliyev ochdi va ishtirokchilarga jamiyatimizda chuqur ildiz otgan korruptsiya illatiga qarshi kurashish nafaqat davlatimiz, balki koʻp millatli xalqimiz, qolaversa har bir oila va har bir fuqaroning kelajagi uchun oʻta muhim ahamiyatga egaligi xususida batafsil soʻz yuritdi.
Tadbir davomida loyiha koordinatori Robiya Yoʻldosheva grant loyihasining mazmun-mohiyati va mazkur loyiha doirasida amalga oshirilayotgan uchrashuvlar va davra suhbatlaridan kutilayotgan natijalar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Ayniqsa, loyiha doirasida huquqshunoslar tomonidan aholiga taqdim etilayotgan huquqiy maslahatlar, korruptsiyaga qarshi kurash boʻyicha tushuncha va tavsiyalar aholining huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Shundan soʻng Amudaryo tumani Adliya boʻlimi mutaxassisi Abror Tojiboyev uchrashuv ishtirokchilariga mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar xususida soʻz yuritib, sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar va inson omilini kamaytirishga qaratilgan raqamlashtirish jarayonlari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar berdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Beruniy nomli mahalla fuqarolar yigʻini xotin-qizlar faoli Mahfuza Ibrohimova ham soʻzga chiqib, har qanday korruptsiyaviy holat inson omilining ishtiroki tufayli sodir boʻlishi, korruptsiyaning oqibatlariga qarshi kurashishdan koʻra, bu illatning oldini olish sari qoʻyilgan har bir qadam jamiyat uchun juda katta foyda keltirishi toʻgʻrisida fikrlarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida huquqshunoslar tomonidan aholiga zarur huquqiy maslahatlar va korruptsiyaga qarshi kurash borasida tavsiyalar berildi.
Mahmudjon Shomurodov.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶