Oʻzbekiston Ekologik partiyasining tuman Kengashi tomonidan yil davomida 20 dan ortiq ekoreydlar oʻtkazildi
Eko partiya – 22 12 2025
Bugungi global iqlim oʻzgarishlari sharoitida siyosiy maydonda ekologik kun tartibini ilgari suruvchi kuchlarga boʻlgan ehtiyoj har qachongidan ham ortgan. Oʻzbekiston Ekologik partiyasining tashkil topganiga qisqa vaqt boʻlgan esa-da, u jamiyatda oʻz oʻrni va soʻziga ega siyosiy tuzilmaga aylanib ulgurdi. Xususan, partiyaning Amudaryo tumani tashkiloti tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi buning yaqqol dalilidir.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologik partiyasi 2019-yil 8-yanvar kuni Oʻzbekiston Ekologik harakati negizida tashkil topgan edi. Oʻtgan davr mobaynida partiya nafaqat parlamentda, balki mahalliy kengashlarda ham faol ish olib boruvchi, atrof-muhit muhofazasiga daxldor masalalarni dadil koʻtarib chiquvchi haqiqiy xalqchil kuchga aylandi. Bugungi kunda partiyaning Amudaryo tumani boʻlimi safida 5 ming nafardan ziyod aʼzolarning mavjudligi, aholining ushbu siyosiy kuchga boʻlgan ishonchi va xayrixohligi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
2025-yil partiyaning tuman tashkiloti uchun sermahsul va qizgʻin faoliyat yili boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, yil davomida umumiy hisobda 167 ta turli formatdagi tadbirlar tashkil etildi. Bu tadbirlar shunchaki hisobot uchun emas, balki aniq maqsadlarga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Ayni kunlarda ham partiyaning tuman Kengashi rahbariyati partiyadan saylangan deputatlar va partiya faollar bilan hamkorlikda joylarda boʻlib, aholining ekologik madaniyatini yanada yuksaltirish, hududlarni obodonlashtirish va tozalikka rioya qilishni targʻib qilib, ekologik barqarorlikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshoʻmoqdalar.
Partiya faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri — yosh avlodda ekologik madaniyatni shakllantirishdir. Yil davomida yoshlar ishtirokida oʻtkazilgan 34 ta tadbir davomida oʻquvchi va talabalarga ona tabiatni asrash, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish koʻnikmalari singdirildi.
Shuningdek, partiya qoshidagi “Ayollar qanoti” faoliyati ham tahsinga sazovor. “Ayollar va ekologiya muammolari” mavzusida tashkil etilgan 32 ta uchrashuv va davra suhbatlarida xotin-qizlarning ekologik tarbiyadagi oʻrni, oilalarda sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash va chiqindilarni qayta ishlash masalalari muhokama qilindi.
Atrof-muhit musaffoligini taʼminlashda nazorat tadbirlarining oʻrni beqiyos. Shu maqsadda tuman partiya tashkiloti tashabbusi bilan 20 dan ortiq ekoreydlar oʻtkazildi. Ushbu reydlar davomida noqonuniy chiqindi tashlash, daraxtlarni ruxsatsiz kesish va brakonerlik holatlariga qarshi kurashildi.
Mamlakatimizda keng quloch yoygan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ham partiyamizning doimiy diqqat markazida boʻldi. Yil davomida ushbu dastur doirasida 50 dan ortiq aktsiyalar tashkil etilib, minglab manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ekildi. Bu harakatlar Orolboʻyi mintaqasida ekologik barqarorlikni taʼminlashga qoʻshilgan munosib hissadir.
Siyosiy partiyaning kuchi uning xalq bilan muloqotida namoyon boʻladi. 2025-yil davomida partiyaning tuman kengashiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 28 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ularning aksariyati ijobiy yechimini topdi. Bu esa partiyaning xalq ichiga chuqur kirib borayotgani va fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qila olayotganidan nishonadir.
Partiya guruhi aʼzolarining mahalliy Kengashdagi faoliyati ham alohida eʼtirofga loyiq. Deputatlar tomonidan tumandagi dolzarb ekologik muammolar yuzasidan 7 ta masala doimiy komissiya muhokamasiga, eng dolzarb 3 ta masala esa Xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasiga olib chiqildi. Ushbu tashabbuslar natijasida hudud ekologiyasini yaxshilashga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilindi.
Xulosa oʻrnida aytganda, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Amudaryo tumani tashkiloti 2025-yilda amaliy ishlar va real natijalarga tayangan holda faoliyat yuritdi. Bu saʼy-harakatlar tumanda ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirish, aholi salomatligini muhofaza qilish va kelajak avlodga obod va yashil vatan qoldirishdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Saʼdulla SODIQOV, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Amudaryo tuman Kengashi raisi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶