52-sonli maktabni 40-yil avval tamomlagan sinfdoshlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Inson hayotida hech qachon xotiradan oʻchmaydigan damlarni ato etuvchi eng nurli va goʻzal oshyon – bu maktabdir. Goʻzal va betakror tabiati nihoyatda yoqimli, bagʻrida bolalikning oʻyinqaroq, shoʻxliklarga boy lahzalarini, oʻsmirlikning biri-biridan sirli orzulari va shirin damlarini abadiy muhrlagan bu muqaddas dargoh, inson necha yoshda boʻlishidan qatʼiy nazar, ohanrabodek oʻziga tortaveradi. Bu dargoh har birimiz uchun qadrli, aziz. Shuning uchun ham bizga oq-qorani tanitib, katta hayot sari uchirma qilgan ana shu qutlugʻ makon oldida oʻzimizni qarzdor his qilib yashaymiz. Har gal jonajon maktabimiz oldidan oʻtganimizda qalblarimizda hayajon, ajib sogʻinch hissi bilan bolalikdagi qadrdon doʻstlar va aziz ustozlar bilan bogʻliq ezgu xotiralarni yodga olamiz.
Amudaryo tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 52-sonli umumtaʼlim maktabini bundan roppa-rosa 40-yil avval 42 nafar yoshlar bitirishdi. Ustozlari, Alloh rahmat qilsin, sinf rahbari Toʻliboy Yusupov, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan Zulfiya Bekjonova, Gulbahor Iskandarova, Saʼdulla Abdullayev, Bozorboy Oʻrozboyevlar tahsilini olgan yoshlar hayotda oʻz oʻrinlarini topib, bugungi kunda koʻpchiligi taʼlim-tarbiya sohasi fidoyilari, el-yurtga kamarbasta. oilaparvar, vatanparvar, obroʻ-eʼtiborli insonlar boʻlib yetishganlar.
Hamisha biri-birini qadrlab, oʻrtalaridagi bolalikning oʻziga xos mehrini ardoqlab yashayotgan sobiq sinfdosh doʻstlar yaqinda oʻzlari taʼlim-tarbiya olgan 52-sonli umumtaʼlim maktabiga 40-yildan soʻng tashrif buyurdilar.
Yoshlari oltmishni qoralab qolgan, chehralarida nuroniylik aks etib turgan qadrdon doʻstlar bolalik va oʻsmirlikning betakror onlariga guvoh boʻlgan sinf xonalariga kirishib, bir necha daqiqa yana oʻquvchilik maqomida ustozlari tahsilini oldilar.
Sinf jurnali sahifalarini ochgan ustozlari shogirdlariga razm solib, yoʻqlama qilishdi. Hayot qonuni – bemavrid vafot etgan sobiq oʻquvchilarini yodga olishib, ular bilan bogʻliq xotiralar haqida soʻz yuritdilar. Shogirdlarining hayotda erishgan yutuqlari, ularning farzandlari va nevaralari toʻgʻrisidagi hikoyalaridan mamnun boʻldilar.
Uchrashuv tadbiri davomida sobiq sinfdosh doʻstlar qadrdon maktab hayoti bilan yaqindan tanishdilar va bugungi kunda mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, oʻquvchi-yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar sohani tubdan oʻzgartirib yuborganini mamnuniyat bilan taʼkidladilar.
Shu bilan birga hozirgiday sharoitlar mukammal boʻlmagan davrda ham ustozlari fidoyilik namunalarini koʻrsatib ishlaganlarini va ana shu fidoyi ustozlar mehnati tufayli oʻzlari yaxshi taʼlim-tarbiya olishib, hayot sinovlarini mardona yengib yashashga oʻrganganlarini alohida eʼtirof etishib, ustozlariga minnatdorlik ramzi sifatida sovgʻalar taqdim qildilar.
Bolalikning betakror damlaridan to bugungacha davom etib kelayotgan va oʻzlari bilan birga ulgʻayib, yanada mustahkam rishtaga aylangan qadrdonlik tuygʻulari bilan yoʻgʻrilgan uchrashuv tadbiri Mangʻit shahridagi hashamatli “Diamond” restoranida yanada joʻshqinlik bilan davom etdi.
Uchrashuv tadbirida soʻzga chiqqan sobiq ustozlari 40-yillik qadrdon doʻstlarning har biriga kelgusi hayotlarida mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt-saodat tiladilar. Fayzli dasturxon atrofida biri-birining diydoridan mamnun sobiq sinfdoshlar qalblaridagi samimiyat va mehr tuygʻulari ularni yanada yaqinlashtirdi. Shirin suhbatlar raqslarga ulanib, ustozlar va doʻstlar davrasiga yanada koʻrkamlik va fayz bagʻishladi. Sobiq sinfdoshlarning 40-yildan keyingi diydorlashuv kechasi har bir ishtirokchi uchun betakror va goʻzal taasurotlarni ato etdi.
ROBIYa YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶