“Dolzarb 90 kun” loyihasiga start berildi
2025-yil 15-may kuni maktabgacha va maktab taʼlimi sohasi boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan “Dolzarb 90 kun” loyihasi yoʻlga qoʻyildi. Loyiha doirasida respublikada 1-iyundan 30-avgustgacha maktab oʻquvchilari va uyushmagan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularni sogʻlomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shundan kelib chiqqan holda yoshlarning yozgi taʼtil davrini mazmunli va samarali tashkil etish, maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalarni qamrab olishni kengaytirish, maktab oʻquvchilari bandligini taʼminlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi boʻyicha Amudaryo tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi, tuman Yoshlar ishlari boʻlimi, Madaniyat boʻlimi va Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tuman boʻlimi tomonidan yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan mahalla darajasidagi tadbirlar reja-jadvali ishlab chiqilgan boʻlib, ushbu dastur doirasida yoshlarni jalb qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar rejalashtirilgan.
Tumanimizdagi 38-sonli umumtaʼlim maktabida ham “Dolzarb 90 kun” loyihasiga start berildi. Loyihaning ochilishida tuman hokimi oʻrinbosari Nodirbek Kamolov, tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Yalgʻash Shomuradov, boʻlim masʼullari, tuman Yoshlar ishlari boʻlimi masʼullari hamda umumtaʼlim maktablari direktor oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Jarayon mobaynida ushbu loyihaning maqsadi va uni amalga oshirishda asosiy vazifalar xususida soʻz yuritildi. Tadbir doirasida 38-sonli maktabda tashkil etilgan toʻgaraklar faoliyati bilan tanishildi. Oʻquvchilarning turli yoʻnalishlardagi ijod mahsullari namoyish etildi.
Taʼkidlash joizki, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida yoshlar oʻrtasida turli sport tadbirlari, intellektual oʻyinlar, madaniy tadbirlar, davra suhbatlari, sayohatlar, musiqiy tadbirlar, aktsiyalar, uchrashuvlar, toʻgarak-mashgʻulotlari, oʻtkazish va tashkil qilish koʻzda tutilgan.
Jumladan, loyiha doirasida “Quvnoq startlar”, shaxmat-shashka, futbol, voleybol, basketbol kabi sport tadbirlari, “Kompyuter texnologiyalarining bilimdoni” tanlovi, IT savodxonligini oshirish kurslari, “Zakovat”, “Maktabimizning IT isteʼdodlari” kabi intellektual oʻyinlar, “Yoz oʻtmoqda soz” shiori ostida madaniy tadbirlari oʻtkazilishi belgilangan.
Shuningdek, “Sport – sogʻlik garovi”, “Tilga eʼtibor –elga eʼtibor”, “Men ijtimoiy tarmoqlardan qanday foydalanaman”, “Raqamli iqtisodiyotda yoshlarning ishtiroki”, “Oila maktabi” mavzularida davra suhbatlari, muzeylarga, ishlab chiqarish korxonalariga sayohatlar, musiqiy tadbirlar, tumandagi shoir, yozuvchilar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilishi boʻyicha ham aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.
Loyiha doirasida 1-iyundan 30-avgustgacha maktab oʻquvchilari va uyushmagan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularni sogʻlomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib boriladi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunda yosh avlodni har tomonlama yetuk, bilimli, maʼnaviy barkamol va jismonan sogʻlom insonlar qilib tarbiyalash jamiyatimiz oldida turgan eng ustuvor vazifalardan biridir. Bu jarayonda yoshlarning boʻsh vaqtini toʻgʻri va mazmunli tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶