“Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlari tashkil etilmoqda
Davlatimiz rahbarining joriy yilning 3-yanvar sanasida imzolagan “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Respublikamizda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qaror ijrosini taʼminlash hamda respublika hududida xavfsiz muhitni yaratish, jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni taʼminlash va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan joriy yilning 15-aprelidan 15-mayiga qadar “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli profilaktik tadbiri joriy qilinib, Amudaryo tumanida ham bu borada samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Tuman hokimligida ushbu yoʻnalishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash, chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, hokim oʻrinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼullari, tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda tuman hokimi Sobir Xoʻjametov soʻzga chiqib, tumanni jinoyat va huquqbuzarliklardan holi hududga aylantirish borasida oldinda turgan ustuvor vazifalar xususida soʻz yuritdi. Shuningdek, tuman prokuraturasi va IIB masʼullari soʻzga chiqib, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” profilaktik tadbirlarini tashkil etish yuzasidan belgilab berilgan vazifalar xususida toʻxtaldilar.
Xususan, hududlarda “Tozalash-antiterror”, “Oriyat”, “Tigʻ”, “Qora dori”, “Tong” maxsus profilaktik tadbirlarini oʻtkazish, giyohvandlik, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyish maqsadida reyd tadbirlari tashkil etilib, “koʻcha bezoriligi” va “guruh” tashkil qilishga yoki guruhning aʼzosi boʻlishga moyil hamda “yetakchilikka intiluvchan” yoshlar bilan kuchaytirilgan profilaktik ishlarni olib borish, noqonuniy ravishda jangovar oʻqotar va ov qurollarini saqlayotgan shaxslarni aniqlash hamda qonuniy choralar koʻrish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.
Profilaktika oyligi doirasida koʻngilochar joylarning, xususan, tungi klublar, saunalar, SPA salonlar, sogʻlomlashtirish markazlarining roʻyxatlarini yangilash va ularda qonunchilikda belgilangan tartibda tungi reydlar oʻtkazish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida reydlar tashkil etish, mavjud yoʻl-patrul xizmati maskanlari, blok va toʻsiq postlariga hududiy ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari xodimlarini biriktirish, kriminogen vaziyati ogʻir hamda qoʻshni respublikalar bilan chegara hududlardan markazga boruvchi asosiy yoʻllarda “sayyor patrul” guruhlarining faoliyatini jadallashtirish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Ushbu vazifalarni samarali amalga oshirish yuzasidan tezkor profilaktik tadbirlar tumanimizning barcha hududlarda tizimli tarzda tashkil etilmoqda. Tumanning markaziy avtomobil yoʻllarida yoʻl-transport hodisalarining oldini olish yuzasidan reyd tadbirlari tashkil etilmoqda.
Qolaversa, tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼullari “Mahalla yettilik”lari bilan hamkorlikda Gulzor mahallasi hududidagi koʻp xonadonli uylarda yashovchi aholi bilan oʻgʻirlik, firibgarlik, tovlamachilik kabi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida tushuntirish ishlarini olib bordilar.
Shuningdek, mahalla hududidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, kafe va restoranlar masʼullari bilan suhbatlar oʻtkazilib, xavfsizlikni taʼminlash maqsadida kuzatuv kameralari oʻrnatish tavsiya qilinmoqda.
Bu boradagi ishlar tumanimizning barcha mahallalarida davom etmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶