Ayol-qizlarga berilayotgan eʼtibor jamiyat ravnaqiga xizmat qiladi
Bugungi kunda yurtimizda ayol-qizlarning ijtimoiy himoyasi, taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi va mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Ayollar daftari” tizimi bu boradagi muhim ishlardan biridir. Xususan, ishsiz, boquvchisini yoʻqotgan va yolgʻiz ayollarga ijtimoiy yordam koʻrsatish, ularning bandligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumurtov shaharcha fuqarolar yigʻinining bu yoʻnalishdagi tashabbuslari ham diqqatga sazovor. 2024-yil davomida mahallada 109 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol “Ayollar daftari”ga kiritilib, ularning turmush darajasini yaxshilash maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, 1 nafar ayolning yashash sharoitini yaxshilash maqsadida uyining pol qismi taʼmirlandi. Yana 1 nafar ayolga subsidiya asosida tikuv mashinasi ajratilib, bandligi taʼminlandi.
Shuningdek, "mahalla yettiligi" va faollar tomonidan oilaviy-maishiy zoʻravonlikka qarshi kurashish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shaharchaga biriktirilgan profilaktika inspektori Anvar Shomuratov tashabbusi bilan nizoli oilalarda yashovchi ikki nafar ayolga himoya orderi berildi. Bugungi kunda ushbu oilalar profilaktik nazoratda boʻlib, huquqbuzarliklarning oldini olish va xotin-qizlarning xavfsizligini taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Shaharchada bu boradagi ishlar 2025-yilda ham izchil davom ettiriladi. Jumladan, joriy yilda 115 nafar ayolni «Ayollar daftari»ga kiritish orqali kasb-hunarga oʻrgatish, bandligini taʼminlash hamda huquqiy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirish maqsad qilingan.
Xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi va bandligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar ularning hayot sifatini yaxshilab, jamiyatda barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Zero, ayollar baxtli boʻlgan jamiyatda taraqqiyot va yuksalish muqarrardir.
Ozoda Xolnazarova, Iroda Xolnazarova, QDU talabalari, tahririyat amaliyotchilari.
Foto: OʻzA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶