Ichki yoʻllarni taʼmirlash ishlari jadallashtirilmoqda
Xalqimiz tilida tez-tez takrorlanadigan, quloqqa xush yoqadigan tilaklar koʻp. Ayniqsa, biron joyga boradigan boʻlsak, albatta, “yoʻlingiz ravon boʻlsin”, deyishadi. Bu tilak mazmunida manzilga bexatar yetish, safarni sogʻ-salomat ado etishdek ezgu niyatlar mujassam. Ana shu niyatlarning roʻyobi uchun xalqimiz azal-azaldan oʻzlari yashab turgan hududlarni obodonlashtirish, ayniqsa, yoʻllarni taʼmirlash, boradigan manzillariga bexatar yetib olish maqsadida bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etishga oʻzlarini masʼul deb bilishgan.
Shu yilning 28-yanvar kuni Amudaryo tumanida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda tuman hududini har tomonlama rivojlantirish, eng chekka qishloqlarda ham keng koʻlamli obodonlashtirish ishlarini olib borish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bilan bogʻliq dolzarb vazifalar belgilanib, shu kunning oʻzida tuman hududidagi tuproqli dala yoʻllarini qum-shagʻal aralashmali yoʻllarga aylantirish va keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan boshlab yuborilgan edi.
Tumanning Qilichboy mavzesidagi Toshqalʼa mahallasi hududidan boshlangan tuproq yoʻllarni qum-shagʻal aralashmali yoʻllarga aylantirish borasidagi ishlar bugungi kunda qator ovul va mahallalar hududlarida jadallik bilan davom ettirilmoqda. Hozirgi bosqichda tumandagi 16 ovul va mahallada 107 kilometr masofadagi tuproqli yoʻllarga qum-shagʻal aralashmasini yotqizish koʻzda tutilgan.
Xususan, Xolimbeg ovuli hududidagi 7 ming 550 metr masofadagi ichki yoʻllarni taʼmirlash rejalashtirilgan boʻlib, 5-fevral sanasiga qadar 3,7 kilometr masofadagi ichki koʻchalarni taʼmirlash ishlari sifatli yakunlandi. Shuningdek, Choykoʻl ovuli hududidagi 3 kilometr 465 metrlik ichki yoʻllarga qum-shagʻal aralashmasini yotqizish rejalashtirilgan. Mazkur hududda shu kungacha 1,78 kilometr masofadagi ichki yoʻllarga qum-shagʻal aralashmasi yotqizishga muvaffaq boʻlindi va bu ishlar jadal surʼatlarda olib borilmoqda.
Shuni mamnuniyat bilan eʼtirof etish kerakki, keng koʻlamli obodonlashtirish ishlariga tumanimiz aholisi hamda hududlardagi fermer xoʻjaliklar rahbarlari ham oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshmoqdalar. Fermerlar maxsus texnikalari yordamida taʼmirlanayotgan ichki yoʻllar uchun qum-shagʻal aralashmasini tashish ishlariga yaqindan yordam berishmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan tumanda eng ogʻir ahvoldagi 7 ta, yaʼni Bobur va Amir Temur nomli, Qangli, Boʻz yop, Kuyuk-koʻpir, Oq oltin ovullari hamda Uyshin mahallasi tanlab olinib, mazkur hududlarning infratuzilmasini rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unga koʻra, Uyshin mahallasida ham infratuzilma bilan bogʻliq bir qator ishlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Xususan, mahalla hududida elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 2ta transformator oʻrnatiladi, 3 kilometr masofada SIP kabel tortilib, 150 ta beton tayanch ustunlar va 120ta tungi yoritgich oʻrnatish orqali 155 ta xonadonning elektr taʼminoti yaxshilanadi. Shuningdek, 10 kilometr masofadagi ichki yoʻllarni shagʻallashtirish rejalashtirilgan. Mazkur ichki yoʻllarning taʼmirlanishi mahalladagi 260ta xonadonda yashovchi aholining yoʻllari ravon, mushkullari oson boʻlishini taʼminlab, qishda loygarchilikdan, yozda chang-tuproqdan xalos boʻlishlari uchun imkon yaratadi.
Uyshin mahallasi hududida mahalla ahlining hamjihatligi, qolaversa, hududda faoliyat olib boruvchi fermer xoʻjaliklari rahbarlarining elparvarligi va tashabbuskorligi tufayli ayni paytda mahallaning markaziy koʻchalarini hashar yoʻli bilan taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Fermerlar oʻz mahalladoshlarining tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlab, hasharchilarni mahalla hududidagi markaziy koʻchalarni shagʻallashtirishda zarur boʻlgan texnika vositalari bilan taʼminlaganlari bois, bu boradagi ishlar jadal surʼatlarda olib borilmoqda.
ROBIYa YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶