Mangʻit shahridagi toʻyxonalar soni yana bittaga koʻpaydi
Mamlakatimizda ishbilarmonlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli yangidan-yangi tadbirkorlik obʼektlari qad rostlab, shahar va qishloqlar, mahallalar tobora obodon goʻshalarga aylanmoqda. Bu kabi bunyodkorlik ishlari xalqimizning madaniy farovonligi yuksalishida muhim omil boʻlayotir. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimizning “Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 212-sonli qarori bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish imkonini berdi.
Mazkur Qarorda belgilangan ustuvor vazifalardan biri – ishsizlikni bartaraf etish maqsadida yangi ish oʻrinlarini yaratish, qolaversa, xalqimizning ijtimoiy-madaniy hayotini yuksaltirishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirishda tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Amudaryo tumanida ham yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, oʻzlarining biznes-rejalarini muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan tadbirkorlar safi yil sayin oshib bormoqda. “Qoʻshayev Raim” xususiy korxonasi rahbari Sanamjon Nagʻimova ana shunday ishbilarmon tadbirkorlardan. Mustaqillikning ilk yillaridanoq xususiy tadbirkorlik yoʻnalishida oʻzini sinab koʻrishga intilgan Sanamjon Nagʻimova nafaqat bu yoʻldagi sinovlarni yengdi, balki amudaryoliklar va ularning farzandlari uchun zamonaviy sharoitlarga ega istirohat bogʻini barpo etdi. Bu yerda milliy taomlar tayyorlovchi barcha qulayliklarga ega kafe-oshxonadan tortib, bolajonlarni ezgulik va yaxshilik olami sari yetaklovchi ertaklar qahramonlari, attraktsionlar, bolajonlar uchun avtodrom maydonchalari, choʻmilish basseynlarigacha tashkil qilib, xalq olqishiga sazovor boʻlgan Sanamjon Nagʻimova yana bir ezgu ishga qoʻl urdi. Istirohat bogʻi hududida barcha qulayliklarga ega boʻlgan, toʻy va turli bayram tantanalari uchun moʻljallangan muhtasham binoni bunyod etdi.
Tadbirkorning oʻz mablagʻi va 1,3 mlrd soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻi hisobiga, milliy va zamonaviy meʼmorchilik anʼanalari asosida qurilgan, “Oltin saroy” deb nomlangan mazkur hashamatli bino mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligiga tadbirkorning xalqimiz uchun munosib tuhfasi boʻldi.
Joriy yilning 10-avgust sanasida “Oltin saroy” toʻy va tantanalar majmuasining foydalanishga topshirilishiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi, Tantanali marosimda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xoʻjametov, tuman hokimining oʻrinbosarlari, bank va moliya sohasi xodimlari, Mangʻit shahri mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi vakillari ishtirok etdilar.
Marosimda tuman hokimi Sobir Xoʻjametov tabrik nutqi soʻzladi. U oʻz nutqida “Oltin saroy” toʻy va tantanalar majmuasining xalqimiz orzu-niyatlariga nihoyatda mutanosib tarzda bunyod etilganini taʼkidlab, majmuada turli marosimlar dasturxonlarini bezash uchun buyurtmalar qabul qilish, toʻy sayllarini tashkil etish, quyuq va suyuq taomlar tayyorlab berish xizmatlarining ham tashkil etilgani toʻy-tantanalar va oilaviy marosimlarni ortiqcha chiqimlarsiz hamda isrofgarchiliklarsiz oʻtkazish imkonini berishini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shu bilan birga muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va qoʻllab-quvvatlashlari tufayli tadbirkorlik subʼektlarini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan shart-sharoit hamda imkoniyatlar xususida soʻz yuritdi.
Shundan soʻng, ramziy tasma kesilib, marosim ishtirokchilari “Oltin saroy” majmuasining bezatilishi, zamonaviy jihozlari hamda turli katta-kichik marosimlar uchun moʻljallangan alohida zallari va buyurtmalar qabul qilish, ularni sifatli tayyorlash boʻyicha xodimlari, oshxonada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shunisi eʼtiborga molikki, ushbu tadbirkorlik obʼekti ishga tushirilishi munosabati bilan 10 nafar kishi doimiy, 5 nafar kishi esa mavsumiy ish bilan taʼminlandilar va shu kunning oʻzida ular oʻz ish faoliyatini boshladilar.
“Oltin saroy” toʻy va tantanalar saroyi ayni paytda deyarli har kuni yosh kelin-kuyovlarning nikoh marosimlaridagi quvonch va shodliklari, xalqimizning ezgu orzu-niyatlariga oshna qalblarni bagʻriga olib, haqiqatdan ham oltin goʻshaga aylanib bormoqda.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶