Xalqlar doʻstligi kuni keng nishonlandi
2011-yil 3-mayda BMT Bosh assambleyasi tomonidan 30-iyul sanasini Xalqlar doʻstligi kuni sifatida eʼlon qilingan. Ushbu sana 2021-yil 10-fevral kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq mamlakatimizda ham Xalqlar doʻstligi kuni etib belgilangan va shundan buyon har yili millatlaro totuvlik kuni sifatida tantanali ravishda nishonlanib kelmoqda.
Sana munosabati bilan Amudaryo tumani Xotira maydonida katta bayram tadbiri, gala kontsert dasturi boʻlib oʻtdi. Tadbirda tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, sektorlar rahbarlari, hokim oʻrinbosarlari, boʻlimlar masʼullari, nuroniylar hamda aholi vakillari ishtirok etdilar.
Mehmonlar dastlab tadbir doirasida tashkil etilgan ijodkor yoshlarning qoʻl mehnatlari, ijod namunalari, turli millat vakillarining urf-odatlari va anʼanalarini aks ettiruvchi milliy kiyimlari, taqinchoqlaridan iborat koʻrgazma bilan tanishdilar.
Tadbirni tuman hokimi Sobir Xoʻjametov ochib, millatlararo totuvlikning jamiyat hayotidagi ahamiyati, Oʻzbekiston koʻp millatli yurt ekanligi, barcha millat vakillari oʻzaro hurmat, mehr-oqibatda, hamjihatlikda yashab kelayotganini alohida taʼkidladi. Shundan soʻng tadbir tuman Madaniyat boʻlimi tomonidan tayyorlangan shoʻx-shodon kuy-qoʻshiqlar hamda betakror raqslar bilan davom etdi.
Tuman hokimi oʻz soʻzida taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonda bugungi kunda 130dan ortiq millat va elat hamda 16ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat boʻlib yashamoqda. 157ta milliy madaniy markaz va 38ta doʻstlik jamiyati faoliyat koʻrsatmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayonlari oʻzbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirgʻiz va turkman tillarida olib borilmoqda, qardosh tilli maktablarda oʻqiyotgan farzandlarimiz davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanmoqda. “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” degan ezgu gʻoya barcha millat va elatlarni oʻzaro birlashtirib, tobora hayotiy shiorga aylanib bormoqda. Bu jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhiti, tinchlik va osoyishtalikning amaliy ifodasidir.
Gala kontsert dasturi respublikamizning yorqin yulduzlari, isteʼdodli sanʼatkorlar ijrosidagi ona yurtni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar bilan yuqori bayramona kayfiyatda oʻtdi. Kontsert dasturi mehmoni isteʼdodli xonanda Boburbek Arapboyev ajoyib chiqishlari va shoʻx qoʻshiqlari bilan koʻngillarni xushnud etdi. Shuningdek, tuman Madaniyat boʻlimining raqqosa qizlari ijrosidagi turli millatlarning milliy raqslari, elimiz suygan umidli xonandalar Nurbekjon Rajabov, Gʻayratjon Yangiboyev, Davlatyor Shomuratov, Oybekjon Nurmonovlar kabi ijodkorlar oʻzlarining doʻstlik, muhabbat, Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari bilan bayram dasturining fayzli oʻtishiga munosib hissa qoʻshdilar.
Ushbu sana munosabati bilan xalqlar doʻstligi, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash maqsadida yurtimiz boʻylab bir hafta davomida oʻtkaziladigan Doʻstlik festivallari xalqimizni yanada birlashtirishga, mintaqamizdagi tinchlik va osoyishtalik, millatlararo hamjihatlik va diniy bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶