“Maftunkor ranglar jilosi” nomli tadbirda yosh rassomlar isteʼdodini namoyon etishdi
Har bir bola ulgʻayar ekan, oʻziga xos iqtidorini namoyon etishga va bundan zavqlanishga harakat qiladi. Kimdir qalbidagi hislarni soʻzlar bilan ifodalasa, kimdir tuygʻularini musiqa ohanglariga koʻchiradi. Yana kimdir olamini, oʻy-xayollarini ranglarda, chizgilarda tasvirlaydi. Bu ifoda uslublari bir-biriga oʻxshamaydi. Lekin ijod namunasi oʻsha insonning oʻzligini, yuragidagi oʻtli kechinmalarni tafakkurimizga muhrlaydi, qalbimizga koʻchiradi.
Yaqinda Nukus shahridagi “Doʻstlik uyi” oldida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga aʼzo Oʻzbekiston nogironlar jamiyatining Nukus shahar boʻlimi tomonidan “Maftunkor ranglar jilosi” nomli tadbir tashkil etildi. Tabiat qoʻynida oʻtkazilgan mazkur tadbirda Nukus shahridagi 7-17 yosh oraligʻidagi jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar va oʻsmirlar ishtirok etib, oʻzlarining nozik isteʼdodlarini ranglar jilosi bilan namoyon etishdi.
Tadbirda Oʻzbekiston nogironlar jamiyati Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi boshligʻi Parshagul Dauletyarova, nodavlat notijorat tashkiloti rahbarlari va boshqalar ishtirok etishdi.
Taʼkidlanganidek, nogironligi boʻlgan bolalarni har tomonlama va uygʻun kamol toptirish, ijtimoiy faoliyatini, mehnat qilishga boʻlgan qiziqishini, sanʼat va sport bilan shugʻillanishini qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Darhaqiqat, sanʼat qalbimizni ezgulikka chorlaydi. Ranglar jilosi har bir insonni oʻziga ohanrabodek tortadi. Albatta, yosh moʻyqalam ijodkorlarining oppoq qogʻozlar yuziga koʻchirilgan oʻziga xos chizgilari va koʻngil dunyosining nozik tasvirlariga mahliyo boʻlasiz.
Bolalardan biri tabiat manzalarini tasvirlasa, yana boshqa bola ona-Vatanga boʻlgan cheksiz muhabbatini, baxtli bolalalik onlarini ranglar orqali izhor etdi. Yosh rassomlarning chizgilarini masʼullar maroq bilan kuzatib, ularga suratlarining yanada jozibador boʻlishi uchun maslahatlarini ulashishdi.
“Jismoniy imkoniyati cheklangan”. Nazarimizda, bu ibora nisbiy tushunchani anglatadi. Aslida, inson shunday qudratli kuchga egaki, oldiga biror maqsad qoʻyib shu yoʻlda tinimsiz mehnat qilar ekan, u amalga oshira olmaydigan ish mavjud emas. Sanʼat asarlari esa bu yoʻlda irodamizni mustahkamlab, qalbimizga ziyo olib kiradi. Shu maʼnoda “Maftunkor ranglar jilosi” kabi sanʼat va madaniy-maʼrifiy tadbirlar yoshlarning istedodlarini yuzaga chiqarishda muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.
Nozik qoʻllarida qalam tutgan yosh rassomlarning murgʻak koʻzlarini kuzatar ekanmiz, yonib turgan qorachiqlarida bugʻubor qalbining ifodasini koʻramiz. Oq qogʻozga koʻchirilgan qalb tuygʻulari hayot goʻzalliklariga yanada chiroy baxsh etgandek goʻyo.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan topshirilgan esdalik sovgʻalari bolalarga cheksiz quvonch ulashdi. Madaniyat boʻlimi xodimlari tomonidan taqdim etilgan kontsert dasturi barchaning kayfiyatini koʻtarib, koʻngillarni xushnud etdi.
Shohzod Qurbonboyev

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶