Hokim va masʼullar chegara hududi aholisi bilan uchrashdi
Amudaryo tumanining Uyshin mahallasi qardosh Turkmaniston Respublikasi bilan chegara hududida joylashgan. Shu bois, davlat chegarasi va chegara hududi aholisining daxlsizligini taʼminlash, taklif va shikoyatlarini oʻrganish hamda muammolarni hal qilish maqsadida mutasaddi tashkilotlar rahbarlari va masʼul mutaxassislar hudud aholisi bilan tez-tez uchrashuvlar oʻtkazib, "Davlat chegarasi toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati yuzasidan zarur tushunchalar berib borishadi.
Joriy yilning 5-iyun sanasida oʻtkazilgan navbatdagi uchrashuvda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xoʻjametov, tuman Xalq qabulxonasi boʻlimi mudiri Anvar Oʻrozboyev, Mudofaa ishlari boʻyicha Amudaryo tumani boʻlimi boshligʻi Sherzod Murodov, 9202-harbiy qism komandiri Doniyor Sindorov, Amudaryo tumani hokimining chegara masalalari boʻyicha yordamchisi Kamoliddin Najimaddinov hamda hududdagi korxona-tashkilotlar rahbarlari va keng aholi vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda ishtirokchilarga dastlab “Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va uning mazmun-mohiyati yuzasidan zarur tushunchalar berilib, chegara hududida yashab, dehqonchilik qilish, chorva mollari, qoʻy-echki va parrandalar boqish boʻyicha qonun-qoidalar hamda ularga amal qilmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi xususida kerakli maʼlumotlar taqdim etildi.
Ayniqsa, har ikkala davlat tomonidan qatʼiy himoya qilinadigan muhofaza hududlarining daxlsizligi koʻp jihatdan ushbu hududda istiqomat qiladigan aholiga bogʻliqligi, shu bois yosh bolalarning chorva mollarini muhofaza hududida boqishlariga yoʻl qoʻymaslik zarurligi taʼkidlandi. Shu bilan birga ayrim holatlarda bolalar oʻyinga berilib ketishlari oqibatida boʻsh qoʻyib boqilgan chorva mollarining davlat chegarasi qismining muhofaza hududiga oʻtib ketishi oqibatida jiddiy muammolar yuzaga kelayotgani xususida soʻz yuritildi.
Aytish joizki, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Qonuni mamlakatning davlat chegaralarini belgilash, oʻzgartirish, qoʻriqlash va himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida qabul qilingan. Ushbu qonun Oʻzbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini taʼminlash, davlat suverenitetini mustahkamlash va xalqaro shartnomalar asosida chegaralarni aniqlashga qaratilgan. Qonunda davlat chegarasini belgilash va oʻzgartirish printsiplari, shuningdek, chegara hududlarida amalga oshiriladigan nazorat va himoya tadbirlari batafsil bayon etilgan.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida Uyshin mahallasi aholisi hayotiga doir boshqa muammolarga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, aholining dehqonchilik qilishlari uchun oqar suv yetishmayotgani, natijada hududda tomorqa xoʻjaligini yuritishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani boʻyicha murojaatlar joyida batafsil oʻrganilib, Uyshin mahalla fuqarolar yigʻini masʼullariga hamda soha mutaxassislariga zarur topshiriqlar berildi. Shuningdek aholining boshqa murojaatlari ham sohalar boʻyicha tegishli mutaxassislar tomonidan roʻyxatga olinib, ularni joyiga chiqqan holda batafsil oʻrganish va hal qilish boʻyicha zarur topshiriqlar berildi.
Uchrashuv yakunida tuman hokimi Sobir Xoʻjametov uyshinliklarga murojaat qilib, tomorqadan unumli foydalanish, oilaviy tadbirkorlik va ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, mahalla hududida xizmat koʻrsatish sohasida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali oila iqtisodiyoti va mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻshisha chaqirdi.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶