“VATANPARVAR YoShLAR BILAN – UChINChI RENESSANS SARI!” ShIORI OSTIDA HARBIY VATANPARVARLIK MAVZUSIDA TARGʻIBOT TADBIRI OʻTKAZILDI
Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida harbiy hayotga boʻlgan qiziqish va mehr-muhabbat tuygʻularini uygʻotish, shu bilan birga, tinchlik, bagʻrikenglik, xalqlar doʻstligini mustahkamlashga oʻz hissalarini qoʻshishga daʼvat etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashining topshirigʻiga koʻra mamlakatimiz boʻylab umumtaʼlim maktablarining oʻquvchi-yoshlari bilan uchrashuv tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Joriy yilning 6-mart sanasida Amudaryo tumani Madaniyat markazi binosida boʻlib oʻtgan uchrashuv tadbiri ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashining 2024-yil 12-yanvar kungi kengaytirilgan yigʻilishida tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Amudaryo tumanidagi Qilichboy, Doʻrman Qangli, Nazarxon ovullari hamda Bogʻ, Xizr eli, Ayoqchi, Boʻz solma, Qumyop, Chordara, Durunki mahallalari chegara hududlarida joylashgan 3-, 18-, 19-, 29-, 35-, 36-, 39-, 46-, 56-, 58-, 76-, 82-, 83-, 84-sonli umumtaʼlim maktablari Nukus harbiy Prokuraturasiga biriktirilgan edi.
Shu munosabat bilan “Vatanparvar yoshlar bilan – Uchinchi Renessans sari!” shiori ostida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus harbiy Prokuraturasi rahbarligida targʻibot-tashviqot uchrashuv tadbiri oʻtkazilib, unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus harbiy prokurori oʻrinbosari Davron Turumbayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻriqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Dilshod Mullaboyev, shuningdek, Amudaryo tumani Mudofaa ishlari boʻlimi, Amudaryo tumani Milliy gvardiya xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Amudaryo tuman boʻlimi, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari masʼul xodimlari, Mudofaa vazirligi faxriylari, sobiq Afgʻon urushi baynalmilal jangchilari, umumtaʼlim maktablarining chaqiriqqa qadar boʻlgan tayyorgarlik fani oʻqituvchilari, boks sporti boʻyicha Oʻzbekiston chempionlari hamda chegara hududlarida joylashgan umumtaʼlim maktablarining yuqori sinf oʻquvchilari ishtirok etdilar.
Uchrashuv tadbirida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus harbiy prokurori oʻrinbosari Davron Turumbayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻriqlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Dilshod Mullaboyev va boshqalar soʻzga chiqib, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor vazifalari, yoshlarni harbiy vatanparvarlik gʻoyalari asosida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlodning bilim olishi, oʻz qobiliyatlarini amalda namoyon etishlari uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar xususida soʻz yuritdilar. Shuningdek, bugungiday tinch, farovon hayotning qadriga yetish, milliy-maʼnaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, ayniqsa, ona Vatanning har qarich yeriga nisbatan mehr va daxldorlik tuygʻusi bilan yashash har bir Oʻzbekiston fuqarosining burchi ekanligini taʼkidladilar.
Tadbir davomida uchrashuv ishtirokchilari boʻlgan yoshlar uchun zamonaviy harbiy qurol-aslahalar koʻrgazmasi ham namoyish etildi. Unda yoshlar mamlakatimizning harbiy-texnikaviy salohiyati, kuch-qudrati xususidagi maʼlumotlarga ega boʻldilar. 250 nafarga yaqin oʻquvchi-yoshlar masʼullar hamda chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik oʻqituvchilari bilan birgalikda koʻrgazmaga qoʻyilgan harbiy qurol-aslahalarning jangovarlik qudrati, ularni qoʻllash boʻyicha zarur maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Ayniqsa, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlarida oʻz harbiy xizmat burchlarini oʻtayotgan askarlarning koʻrgazmali chiqishlari, Shimoli-Gʻarbiy harbiy okrug orkestri tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik, tinchlik va doʻstlik haqidagi jangovar kuy-qoʻshiqlar tadbir ishtirokchilariga zavq-shavq bagʻishladi.
“Vatanparvar yoshlar bilan – Uchinchi Renessans sari!” shiori ostida oʻtkazilgan targʻibot-tashviqot uchrashuv tadbiri yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶