KUYuKKOʻPIRNING TINIB-TINChIMAS HOKIM YoRDAMChISI
Mahalla institutining rivojlanishida va tobora xalqqa yaqinlashuvida mahallada faoliyat olib boruvchi hokim yordamchilarining tutgan oʻrni muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni ovul va mahallalarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarda yaqqol koʻrish mumkin. Chunki hokim yordamchilari bevosita xalq orasida, ular hayotiga doir yechimini kutayotgan muammolarni hal etishda aholi bilan hamjihatlikda ish yuritayotganlari bois, yillar davomida koʻplarni qiynab kelayotgan masalalar ijobiy yechim topmoqda.
Amudaryo tumanining Kuyukkoʻpir qishlogʻi azaldan mehnatkash va fidoyi dehqonlar, tadbirkorlar yurti. Surishtirib kelsangiz, bu qishloqdan nomdor olimlar, shoir-u yozuvchilar, el ardogʻidagi ustoz-murabbiylar, shifokorlar yetishib chiqqan.
Nodirbek Norimbetov Kuyukkoʻpir OFYda hokim yordamchisi sifatida ilk faoliyatini boshlagan kunidanoq ovul ahlining oʻzaro mehr-oqibati, yoshlarning intiluvchanligini koʻrib, dadil ishga kirishdi. OFY raisi Tamara Karimova, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va nuroniylar masalasi boʻyicha OFY raisining maslahatchisi bilan hamkorlikda aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini oʻrgandi. Uyma-uy kirib borib, vaziyatni oʻrganarkan, ovulning ziyoli va ibratli oilalari aʼzolari, shuningdek, nuroniylarning yoshlar tarbiyasiga taʼsiri kuchli ekanligini his etdi. Chunki har bir yosh yo oʻqib, bilim olish, yo boʻlmasa tadbirkorlik bilan, dehqonchilik bilan shugʻullanishga intiladi. Qisqasi, hech qaysisi bekorchi boʻlib qolishni istamaydi.
Shundanmi, Nodirbek Norimbetov hududda ishsizlikka barham berish, ayniqsa, yoshlarning bandligini taʼminlashga asosiy eʼtiborini qaratdi. Bu borada alohida shaxsiy ish rejasini tuzib chiqdi. Oʻrganilgan har bir holatni kundalik ish yurituv daftariga qayd etib, navbati bilan muammolarni hal etishga kirishdi.
Birgina 2022-2023-yillar oraligʻida dehqonchilik qilish orqali oʻz daromad manbaini yaratish istagida boʻlgan 230 nafar fuqaroning roʻyxati shakllantirilib, ularning har biriga 30 sotixdan, jami 60 gektar yer dehqonchilik qilish, bogʻ yaratishlari uchun ajratib berildi. 8 nafar fuqaroga esa subsidiya asosida ixcham issiqxonalar qurib berilib, ularning bandligi taʼminlandi.
Ovul xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikda “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritilgan, binoyiday chevarlik kasblari bor-u, iqtisodiy ahvoli past boʻlgan xotin-qizlardan 8 nafariga tikuv mashinalari olib berilib, ularning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishlariga koʻmaklashildi. Natijada kuyukkoʻpirliklar orasida tadbirkorlar safi soʻnggi ikki-uch yil ichida ancha oshdi.
Hokim yordamchisining koʻmagi bilan faqat 2022-2023-yillar oraligʻida 30tadan ziyod yangi tadbirkorlik subʼektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Xususan, 2022-yilda 89 nafar fuqaroga 2 mlrd. 200 mln. soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi. 2023-yilda esa 90 nafar fuqaroga 2 mlrd. 100 mln. soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilib, ularning yakka tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlariga, oʻz xonadonlari uchun zarur jihozlar, maishiy texnika uskunalari sotib olishlari uchun sharoitlar yaratildi.
Bugungi kunda hokim yordamchisi Nodirbek Norimbetovning oʻz ishiga fidoyiligi, ovul ahlining turmush sharoitini yanada yaxshilashga boʻlgan intilishlari tufayli oʻzini-oʻzi ish bilan band qilgan, shu orqali oilasi hayotida farovonlik muhitini yaratib, hayotdan rozi yashayotgan insonlar talaygina.
“Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritilgan Dilshoda Oʻrozboyeva qoʻli gul chevar, lekin bu hunaridan samarali foydalanish uchun oila byudjetidan mablagʻ ajratishning esa imkoni yoʻq. Dilshodaga bu borada hokim yordamchisi Nodirbek yaqin koʻmakdosh boʻldi. Unga tikuv mashinasi olib berilishida yordamlashdi. Ayni paytda Dilshoda Oʻrozboyeva hamqishloqlarining buyurtmalari asosida chevarlik faoliyati bilan shugʻullanib, doimiy daromad manbaiga ega boʻldi.
Yana bir ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol-qizlardan Aysafar Oʻrinboyevaning ham qiziqish va intilishlari inobatga olinib, 11,5 mln. soʻmga non pishirish pechi olishda koʻmaklashdi. Aysafar Oʻrinboyeva ayni paytda hamqishloqlarining buyurtmalari asosida issiq non pishirishni yoʻlga qoʻyganidan, bundan ham muhimi, doimiy ish, doimiy daromad manbaiga ega boʻlganidan xursand.
Nodirbek Norimbetovning kundalik ish rejalari qayd etilgan daftarda Dilfuza Allamberganovaning ham ism-sharifi paydo boʻldi. Kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj Dilfuza Allamberganovaga ham subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berilib, uning ham doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi uchun sharoit yaratildi.
Hokim yordamchisining Kuyukkoʻpir OFY binosidagi xonasi deyarli har kuni gavjum. Kimdir farzandining oʻqishi uchun, yana kimdir safarbarlik chaqiruv rezervi shartnoma toʻlovi uchun yordam soʻrab keladi. Yana kimdir kelin tushirish, qiz uzatish toʻylarida yetishmovchilik boʻlayotganidan shikoyat qilsa, yana bir toifadagilar yer, suv, uy taʼmirida yordamga muhtoj. Hokim yordamchisining kundalik ish rejalar daftarida shu tariqa yangi-yangi qaydlar paydo boʻlaveradi. Nodirbek Norimbetov uchun esa kuyukkoʻpirliklar hayotiga doir muammolarni hal etish hamma narsadan muhim. Chunki oʻzi faoliyat yuritayotgan hudud aholisining oʻz hayotidan, davlatimizdan rozi yashashi uchun koʻmaklashish yuksak masʼuliyat. Ana shu masʼullik tuygʻusi Nodirbekka kuch, ruhiyatiga tetiklik bagʻishlaydi.
Robiya Yoʻldosheva

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶