“YoNGʻIN XAVFSIZLIGI OYLIGI” DOIRASIDA PROFILAKTIK TADBIRLAR OʻTKAZILMOQDA
Kuz-qish mavsumida havo haroratining keskin sovib ketishi munosabati bilan yurtimizda isitish moslamalariga ehtiyoj ortib boradi. Shu barobarida tabiiy gaz yoki muqobil yoqilgʻi mahsulotlaridan foydalanish hajmi keskin oshib ketishi tufayli yongʻin xavfsizligi qoidalariga amal qilish dolzarb vazifaga aylanadi. Chunki mamlakatimizning turli hududlarida oʻtgan yillar kuz-qish mavsumida yongʻinlar bilan bogʻliq koʻngilsiz hodisalar, is gazidan zaharlanish holatlari sodir boʻlib turganligi hech kimga sir emas.
Shularni eʼtiborga olgan holda bir necha yillardan beri qish mavsumida yongʻinlar bilan bogʻliq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida “Yongʻin xavfsizligi oyligi” oʻtkazib kelinmoqda.
Joriy yilning 15-noyabridan 15-dekabrigacha “Yongʻin xavfsizligi oyligi”ni oʻtkazish belgilangan edi va oʻtgan kunlar davomida tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obʼektlari hamda xonadonlarda yongʻin xavfining oldini olish borasida profilaktik tadbirlar rejaga muvofiq olib borildi.
Reja boʻyicha Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabida ham oʻqituvchilar, oʻquvchilar uchun yongʻinga qarshi profilaktik tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda dastlab maktab hovlisida yongʻin sodir boʻlganda ishlatiladigan asbob-uskunalar, texnika vositalari koʻrgazmasi namoyish etildi va mutaxassislar tomonidan ularni ishlatish yoʻl-yoʻriqlari tushuntirildi. Maktab hovlisida tadbirda namoyish etilgan va qay tarzda ishlatilishi tushuntirilgan asbob-anjomlardan foydalangan holda, yongʻin sodir boʻlganda qanday harakatlanish boʻyicha oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazish maqsadida shartli sodir boʻlgan yongʻinni oʻchirish tajribasi namoyish etildi.
Shundan soʻng, ixtisoslashtirilgan maktab kutubxonasida oʻqituvchilar uchun “Yongʻin xavfsizligi oyligi”ni oʻtkazishning mazmun-mohiyati, oylik doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, yongʻin xavfining oldini olishda har bir fuqaroning burchi va vazifalari xususida zarur tavsiyalar berildi.
Tadbir soʻngida maktab oʻquvchilari istiqomat qiluvchi yotoqxonadan shartli ravishda yongʻin xabari keldi va tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari koʻrgazmada qoʻyilgan yongʻin-qutqaruv vositalari bilan xavfni bartaraf etishga tezkorlik bilan jalb etildi. Xodimlarning shiddatli harakatlari va aniq amalga oshirgan choralari tufayli shartli yongʻin oʻchirildi, hech bir oʻquvchi tan jarohati olmaganligi qayd etildi.
Mazkur tadbirda tuman Ixtisoslashtirilgan maktabi oʻqituvchi va oʻquvchilari yongʻin xavfsizligi qoidalari, kutilmaganda yongʻin kelib chiqqan vaziyatda qanday harakatlarni amalga oshirish lozimligi borasida keng tushuncha va malakaga ega boʻldilar.
Sh.Erkinboyev,
tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi
Profilaktika va nazorat boʻlinmasi inspektori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶