Biogumus tayyorlash boʻyicha seminar oʻtkazildi
2023-yil 18-noyabr kuni Amudaryo tumanining Toʻlqin ovuli hududida faoliyat yurituvchi “Polvonboy ovuli” masʼuliyati cheklangan jamiyatida biogumus tayyorlash hamda uning dehqonchilikdagi ahamiyati boʻyicha seminar boʻlib oʻtdi.
Seminarda tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Anvar Yoʻldoshev, Obodonlashtirish boʻlimi boshligʻi Anvar Kamolov, Veterinariya va chorvachilik boʻlimi boshligʻi Alisher Matkarimov, Qipchoq davlat Oʻrmon xoʻjaligi raisi Erkin Toʻrayev, qishloq xoʻjalik korxonalari, fermer xoʻjaliklar rahbarlari, tegishli soha vakillari ishtirok etdilar.
Dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirishda yerning unumdor boʻlishi muhim jihatlardan biri hisoblanadi. Ayrim hududlarda yerlarning hosil berish koʻrsatgichi kamayishi kuzatilmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri kimyoviy oʻgʻitlar va pestitsidlardan muntazam foydalanish natijasida foydali bakteriyalarning qirilib ketganligi, oqibatda esa yerlarning zaharlanib qolganligidir.
Bunday holatlarda yerlarni qayta davolashning eng samarali usullaridan biri – Kaliforniya qizil chuvalchanglarini koʻpaytirib, biogumus hosil qilib, yerlarga yuborishdir. Bu chuvalchanglar toʻq qizil rangli boʻlib, uzunligi 8-10 santimetr, ogʻirligi bir grammga teng keladi. Xona sharoitida chuvalchang oddiy usul bilan, yaʼni mollarning chirigan goʻngi, qushxonadan chiqqan chiqindilar, daraxt yaproqlari, oshxona chiqindilari bilan ovqatlantiriladi. Chuvalchanglar chiqaradigan chiqindi — biogumus deyiladi. Biogumus tarkibida 38 xil, yaʼni azot, kaliy, natriy, boriy, mis, kobalt, ruh, temir, titan, rubidiy, vermut va boshqa moddalar borligi aniqlangan.
Seminarda tuman hokimi Sobir Xoʻjametov soʻzga chiqib, biogumus tuproqni mukammal darajada sogʻlomlashtirishini, boshqa har qanday organik moddalar bilan yaxshi birlashishini va hosilning sifatini yaxshilashga xizmat qilishini aytib oʻtdi.
Joriy yilda tuman boʻyicha jami 1 ming 110 tonna biogumus tayyorlash rejalashtirilgan. Shundan, tuman hokimligi 200 tonna, Qipchoq davlat Oʻrmon xoʻjaligi 200 tonna, Obodonlashtirish boshqarmasi 200 tonna hamda fermer xoʻjaliklari 510 tonna biogumus tayyorlashi reja qilingan.
Biogumus boshqa oʻgʻitlardan 4-8 barobar kuchli boʻlib, tuproq unumdorligini 15-25 foizga oshiradi hamda tuproqni organik qorishmalar bilan boyitadi. Shuningdek, tuproqning mikrofloralariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, mikroorganik ozuqalar miqdorini keskin oshiradi, namlikni yaxshi saqlaydi, oʻsimliklarning oʻsish qobiliyatini 11-24 foizga oshiradi, eng muhimi hosil 2 hafta oldin tayyor boʻladi.
Seminarda soʻzga chiqqan masʼullar oxirgi yillarda bu organik chiqindi qishloq xoʻjaligi sohasida va oziq-ovqat sanoatida keng koʻlamda qoʻllanilayotgani, qoramtir, quruq va suyuq holatda boʻlishini, uning tarkibidagi mikroorganizmlar tuproqning aerobik, anaerobik, mikroelementlar bilan boyitilishiga sharoit yaratib berishini hamda tuproqning mexanik zichligini ham meʼyoriga keltirishini taʼkidlab oʻtdilar.
Tuproqqa biogumus solishning ham meʼyorlariga eʼtibor qaratish lozim. Unumdorligi past boʻlgan tuproqni laboratoriya tahlillaridan oʻtkazib, mutaxassislarning tavsiyasi asosida belgilangan miqdorda biogumus solinadi. Biogumus solingan tuproqda yetishtirilayotgan ekin kasalliklarga chidamli boʻlishi va erta pishib yetilishi bilan ham ahamiyatlidir.
Buning bir necha usullari mavjud. Yerga urugʻ qadayotganda u bilan birga biogumus solish ham yaxshi samara beradi. Tuproqqa qaysi paytda, qancha miqdorda biogumus solish esa agrotexnolog mutaxassislarning tavsiyasi asosida amalga oshirilishi lozimligi seminarda soha mutaxassislari tomonidan taʼkidlandi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶