38 NAFAR YoShLARGA SUBSIDIYa ASOSIDA MEHNAT QUROLLARI, KOMPYuTER TOPShIRILDI
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning oʻz yorqin kelajaklarini barpo etishlariga koʻmak berish, ish bilan band qilish maqsadida mahallalarda istiqomat qilayotgan ishsiz yoshlar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda.
10-oktyabr kuni Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tumani ixtisoslashtirilgan maktabi oldida ovul, mahalla fuqarolar yigʻini masʼullari, ishchi guruh aʼzolari tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz, oʻz daromand manbaiga ega boʻlmagan bir guruh yoshlarga kasb-hunar bilan shugʻullanishlari uchun zarur jihozlar taqdim etildi.
Tadbirda tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, sektorlar rahbarlari, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi xodimlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari raislari, yoshlar yetakchilari ishtirok etdilar.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda jamiyat hayotida ayollar va yoshlarning rolini oshirish va bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada yangi tizim oʻrnatilib, ularni ijtimoiy, huquqiy qoʻllab-quvvatlash, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji, ishtiyoqi bor ayollar, yoshlar uchun “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” joriy etildi. Endilikda har bir mahallada tuman, shahar va viloyat kesimida “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxati shakllantirilgan “Temir daftar”lar alohida yuritilmoqda va ular bilan tizimli, manzilli ishlash yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu ayollar va yoshlar bilan ishlashda, ularni faol hayotga jalb etishda muhim asos boʻlmoqda.
Ushbu yoʻnalishda mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari maʼsullar bilan uyma-uy yurish orqali ishsiz, biroq ishlashga, kasb-hunar oʻrganishga ishtiyoqmand yoshlarni aniqlab, ularning bandligini taʼminlashga, qoʻllab-quvvatlashga intilmoqda.
Tadbirda tuman hokimi Sobir Xoʻjametov tumanimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash, hayotiy muammolarini hal etish borasida amalga oshirilgan ishlarga keng toʻxtaldi va bu boradagi ishlar kelgusida ham davom ettirilishini, yurtimizda yoshlar kelajagi uchun, ularning yaxshi yashashi, kasb-hunar egallab, oʻz iqtidorlarini namoyon etishlari uchun gʻamxoʻrlik kuchaytirilishini maʼlum qildi.
Shundan soʻng ishchi guruh tavsiyasiga koʻra, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan tumanimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi 38 nafar yoshlarga subsidiya asosida kasb faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun zarur jihozlar hamda kompyuterlar topshirildi.
Xususan, 17 nafar ayol-qizlarga tikuvchilik mashinasi, 7 nafar yoshlarga kompyuter, 14 nafar yoshlarga motokultivatorlar topshirildi.
Shu oʻrinda ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash va doimiy daromadga ega boʻlishlariga imkoniyat yaratish maqsadida mehnat yarmarkalari oʻtkazilayotgani, tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun imtiyozli kreditlar ajratilayotganini ham taʼkidlash joiz. Amalga oshirilayotgan buningdek tizimli chora-tadbirlar yoshlarning hayotda oʻz oʻrinlarini topishlariga, oilasi farovonligini taʼminlashiga xizmat qiladi.
38 nafar ishsiz yoshlarga mehnat faoliyatini boshlashlari uchun asbob-uskunalar taqdim etilgani – 38 ta oilaga quvonch, ertangi kunga ishonch olib kiradi, albatta.
Sevara ISMOILOVA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶