SINFDOShLAR 60-YILDAN KEYIN YaNA MAKTABDA DIYDORLAShDI
Oʻquvchilik – inson hayotining eng shirin, yorqin davri. Oʻyinqaroq bolalar uchun ustozning har bir sabogʻi, sinfdoshlar davrasida kechgan damlar taassurotlarining adogʻi boʻlmaydi. Yillar oʻtgan sari ularning shuuri oydinlashib, koʻngillari ilm ziyosidan nurafshon boʻladi, bir sinfda, yonma-yon turgan partalarda oʻtirib ustoz sabogʻini olish jarayonida misli bir ota-ona farzandlariday, bir-biriga aziz boʻlib qoladi, mehr-oqibat, doʻstlik rishtalari bilan mustahkam bogʻlanadi. Ehtimol, shundandir, oradan necha yillar oʻtsa-da, hayotimizda sinfdosh doʻstlarning oʻrnini hech kim bosa olmaydi, hech kim ularchalik boʻlolmaydi. Ehtimol, shundandir, sobiq sinfdoshlar oʻzlari taʼlim olgan maskanlarida uchrashuvlarga intilaveradi.
Joriy yilning 5-oktyabri Amudaryo tumanining Toshyop ovulida faoliyat yuritayotgan 5-sonli maktab oʻqituvchilari, oʻquvchilari uchun unutilmas kun boʻlib qoldi. “Keksalar haftaligi” doirasida maktabni 60-yil muqaddam tamomlagan sobiq oʻquvchilar maktabga taklif qilindi. Har biriga yillar oʻz hukmini oʻtkazgan, olovqalb, ulkan orzular qanotida maktabdan 60-yil oldin uchirma boʻlgan yigit-qizlar hozirgi kunda sochlariga qirov ingan, ulugʻ yoshga yetib, elda hurmat-ehtiborli nuroniylarga aylanishgan.
Intiqib kutilgan uchrashuvga ikki sinf boʻlib oʻqigan jami 41 nafar sobiq sinfdoshlardan 14 nafari kelishdi. Ularning ayrimlari dunyodan oʻtgan boʻlsalar, ayrimlari kasalligi tufayli qatnasha olmadilar.
Sobiq sinfdoshlarni maktab direktori Nurbek Yoʻldoshev, direktor oʻrinbosari Umrboy Shukurullayev, oʻqituvchilar jamoasi, oʻquvchilar gullar bilan kutib oldilar.
Mehmonlar bayramona bezatilgan muhtasham maktab binosi oldida tayyorlangan davraga joylashganlaridan soʻng oʻquvchilar inson qadrini, doʻstlik-birodarlikni, diydorni ulugʻlovchi sheʼrlar ijro etdilar. Oʻquvchilarga sobiq sinfdoshlar tanishtirildi. Ular buningdek hurmat-ehtirom uchun maktab maʼmuriyatiga, oʻquvchilarga minnatdorchilik bildirdilar, oʻzlarining oʻquvchilik davri, oʻsha vaqtlardagi ogʻir turmush sharoitiga qaramay, ustozlarining sidqidildan taʼlim berganliklari natijasida hayotda oʻz koʻpgina yutuqlarga erishganliklari xususida gapirib berdilar, bugungiday saodatli kunlarga yetib kelolmagan sobiq sinfdoshlari, fidoyi ustozlarini esga oldilar.
Shundan soʻng sobiq sinfdoshlar bugungi kunda maktabda oʻquvchilarga talablar darajasida taʼlim-tarbiya berish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Maktab faollar zalida davom etgan uchrashuvda sobiq sinfdoshlardan oʻqituvchi boʻlib, davlat muassasalarida masʼuliyatli lavozimlarda ishlagan, tuman “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi Bekman Allamberganov, 32-sonli maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlagan Jumaboy Qaliyev, 5-sonli maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlagan Kengash Qaliyev, Norjon Yoʻldoshevalar yigʻilganlarga oʻquvchilik davri xotiralaridan gapirib berdilar va yoshlarni bugungi kundagi yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, bilim asoslarini chuqur egallashga daʼvat etdilar.
Oʻzlari taʼlim olgan jonajon maktabi bagʻrida oʻqituvchilar, oʻquvchilar bilan oʻtgan maroqli uchrashuvdan soʻng sobiq sinfdoshlar Mangʻit shahrining Olmazor mahallasida joylashgan muzeyni tomosha qildilar. Ular uchun tumanimiz tarixi, ajdodlarimiz hayotida foydalanilgan turli asbob-uskunalar, kiyilgan liboslar, taqinchoqlar, bugungiday farovon hayotimiz uchun kurashgan insonlar hayoti bilan tanishish ham juda zavqli boʻldi. Keyin toʻkin dasturxon atrofida oʻtirishib, goh soz, goh suhbatdan koʻngillari yayradi.
Keksalar haftaligi doirasida oʻtkazilgan 60-yildan soʻnggi sobiq sinfdoshlar uchrashuvi taassurotlarga boy boʻldi.
Oygul RAJABOVA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶