El ardogʻidagi hunarmand ayol
Har kimning umr yoʻllari turlicha, taqdir yoʻllari turfadir. Muhimi bu yoʻllarni bosib oʻtish, hayotni shunchaki yashab oʻtish emas, unga mazmun kirita olishdir. Albatta, bunda inson uchun hayoti davomida tanlash imkoniyati boʻladi. Ikkilanmay ishonch bilan qilingan qaror esa umrning salmogʻini oshiradi, unga mazmun baxsh etadi.
Amudaryolik Fotima opa Davletova ham ana shunday tanlovlarda umrining yangi sahifasini ocha olgan insonlardan biri. U oʻzi tanlagan yoʻl orqali nafaqat hayotini yaxshilay oldi, balki oʻzbek xalq amaliy sanʼatini ham boshqalarga oʻrgata oldi. Fotima opa yoshlik paytidan qoʻgʻirchoqlar tikishga, qoʻgʻirchoq haykalchalar yasashga, zardoʻzlik, kasanachilik bilan shugʻullanishga qiziqar edi. Uning bu qiziqishlari oldin shunchaki boʻsh vaqtini bekor oʻtkazmaslikka xizmat qilgan boʻlsa, bugungi kunda uni mashhur hunarmand ayolga, barchaga taniqli tadbirkorga aylantirdi.
Fotima opa Davletova 1963-yilda Tosh qalʼa mahallasida tugʻilib, voyaga yetdi. Oldin oʻrta maktabni, soʻngra texnikumni bitkazib, turmush oʻrtogʻi Qurol Qurbonov bilan oila qurdi. Bugungi kunda 2 qiz, 1 oʻgʻilning onasi, 8 nafar nevaraning buvisi boʻlib, keksalik gashtini surib kelmoqda.
Hunarmand ayol 60 bahorni qarshilab, nafaqada boʻlishiga qaramasdan aslo tinim bilmaydi. U oʻzini hali yangi kelinchaklardan ham koʻp qimirlashini, erta-yu kech dala ishlari bilan band boʻlsa ham oʻzining sevimli hunari bilan shugʻullanishga albatta vaqt topshini mamnuniyat bilan taʼkidlaydi.
Fotima opa uzoq yillar maktabgacha taʼlim muassasida oshpaz boʻlib ishlab, nafaqaga chiqdi. Nafaqaga chiqqandan soʻng kelin olib, uy yumushlarini kelinga topshirdi-yu, “Hunarmandlar uyushmasi”ga aʼzo boʻldi. Uyushmada oʻzi singari koʻplab hunarmandlar bilan tanishib, ular bilan doʻst tutundi, oʻzaro tajriba almashib, dunyoqarashini kengaytirdi.
Fotima opa Davletova oʻz hunarining sir-asrorlarini boshqalarga ham oʻrgatib, shogirdlar yetishtirmoqda. Bugungi kunda uning 12 nafar shogirdi xuddi oʻzi singari xalq amaliy sanʼatining namunalarini puxta egallab, ustozi bilan koʻrik-tanlovlarda faol qatnashib kelmoqda.
Hunarmandning hamda shogirdlarining yaratayotgan hunarmandchilik namunalarini koʻzdan kechirar ekansiz, oʻzbek millatining milliylik nafasi bilan zeb berilgan zamonaviy qiyofasi koʻz oldingizda gavdalanadi.
Hunarmandning taʼkidlashicha, haykaltaroshlik buyumlarida, kashta va zardoʻzlarda aks ettirilgan naqshlar va ranglar uygʻunligi boshqasida sira uchramaydi. Bu uning noyobligini belgilab beradigan muhim xususiyat boʻlib, mahsulotning qiymatini ham oshiradi. Bu esa hunarmandlarni tinimsiz izlanishiga va oʻz sohasida koʻplab yangiliklar yaratishga undaydi.
Hunarmand ayol boshlangan kunini oʻz ishiga bir yangilik kiritmasdan tamomlamaydi. Izlanishlarning samarasi hamisha xayrli boʻladi.
Hozirda ular tomonidan yaratilayotgan oʻziga xos milliy naqshlar va ranglar bilan jilolangan mahsulotlar nafaqat yurtimiz aholisini va xorijlik mehmonlarning katta qiziqish va hayratlariga sabab boʻlib kelmoqda.
Fotima opa Davletov hunarmandchilik buyumlarini Respublikamizning Toshkent, Namangan, Fargʻona, Buxoro kabi hududlarida tashkil etilgan koʻrgazmalarda namoyish etib, chet ellik mehmonlarning ham eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.
Uning yasagan qoʻgʻirchoqlari, quroq koʻrpacha-yu, yostiqlarini Sirdaryo viloyatida boʻlib oʻtgan hunarmandlar koʻrgazmasida kanadalik va turkiyalik sayyohlar xarid qilib, bundan keyingi ish faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilashdi.
Hunarmand ayol bir vaqtning oʻzida koʻchaboshchi, “Buvijonlar maktabi”ning aʼzosi. U isteʼdodli shoira ham. Yozgan sheʼrlari hali kitob boʻlib chiqmagan boʻlsa-da, oʻz eldoshlari orasida juda mashhur. Koʻp qirrali isteʼdod sohibi boʻlgan Fotima opaga bundan keyingi mehnat faoliyatida kuch-quvvat hamda zafarlar tilab qolamiz.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶