Obod oila − obod yurt
Qaysi bir yurtda mahallalar obod, oilalar baxtli, aholi turmushi farovon boʻlsa, oʻsha yurt eng qudratli hisoblanadi. Jannatmakon diyorimizda tinchlik, millatlararo totuvlik hukm surmoqda. Har bir goʻsha obod, mahallalarda bolalarning shoʻx-begʻubor kulgulari eshitiladi. Oʻz oilasidan, yaqinlaridan, tanlagan kasb-koridan koʻngli toʻq inson borki, ertalab ishga, kechqurun uyiga shoshadi.
Mangʻit shahrining Olmazor mahallasida yashovchi Otabek Bobojanov ham shunday insonlardan. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Yuksak maʼnaviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli grant loyihasi doirasida oʻzining yuksak salohiyati, iqtidori bilan ajralib turuvchi yoshlarni tengdoshlariga har tomonlama oʻrnak qilib koʻrsatish maqsadida Amudaryo televideniyesi tahririyati tomonidan koʻrsatuvlar tayyorlanib, efirga uzatilib kelinmoqda. Telekanal ijodiy guruhi grant loyihasi doirasida bu gal Otabek Bobojanovning xonadonida boʻldi.
Ushbu oilaning tayanchi va suyanchi boʻlgan Saʼdulla ota Bobojanov farzandi bilan juda ham faxrlanadi. Sababi, Otabek imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramasdan, hamma sogʻlom insonlar ham bajara olmaydigan kasb-korni puxta egallagan.
Bolaligidan boshlab oldin etikdoʻzlikni, undan keyin qandolat mahsulotlari tayyorlashni oʻrgangan Otabek bugungi kunda maishiy texnika va uyali aloqa uskunalarini tuzatish ustasi.
Shahar markazida oʻzining ustaxonasini ochib, 20 dan ziyod shogirdlar tarbiyaladi. Otabek ustoz-shogird anʼanasini davom ettirgan holda yana koʻplab shogirdlar yetishtirib chiqarishni niyat qilgan. Oldinlari faqatgina hayotda oʻz oʻrnini topish uchun harakat qilgan Otabek bugungi kunda oʻzi orqali boshqa yoshlar ishli va kasb-korli boʻlayotganidan nihoyatda mamnun. Shogirdlaridan ayrimlari usta darajasiga yetib mustaqil ish ham boshlashgan. Uning mehnatlari Prezidentimiz tomonidan eʼtirof etilib, “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz bir yilligi” koʻkrak nishoni hamda “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Davlatimizning bu kabi ragʻbat va eʼtibori Otabekning oʻz kasbiga boʻlgan mehr-muhabbatini yanada oshirib, yangi maqsadlarni amalga oshirish sari undamoqda.
Uning kelajakdagi maqsadi – informatsion texnologiyalar sohasida ish yuritib, servis va maishiy xizmat koʻrsatish markazini tashkil qilish va ishsiz yurgan, nogironligi bor fuqarolarni kasbga oʻrgatish, ularni ish bilan taʼminlashdir.
Qalblarimizning musaffoligi, dillarimizning begʻuborligi, haqiqiy mehr-shafqatimizning, mehribonligimizning namoyon boʻlishi turmushimiz farovonligiga bogʻliqdir.
Olmazor mahallasi yashovchi ushbu oilaning turmushi obod, oilasi farovon. Shu sababdan ham ular har bir oʻtayotgan kunidan rozi boʻlib hamjihatlik va ahillikda umr kechirishmoqda.
Fotima Eshimbetova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶