XALQARO BOLALARNI HIMOYa QILISh KUNI MUNOSABATI BILAN “BOLALARGA BERING DUNYoNI!” DEB NOMLANGAN BAYRAM TADBIRI OʻTKAZILDI
Insoniyat davomchilari, kelajak egalari boʻlgan bolajonlar har bir oilaning quvonchi. Ularning samimiy tabassumidan olam yosharadi. Bolajonlar orziqib kutadigan 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida butun dunyo bolalar shodligi, begʻubor kulgulari bilan toʻlib, yanada yashnab ketadi. Bolajon xalqimiz shu kungi bayramni koʻngilochar maskanlar, istirohat bogʻlarida oʻz farzandlari bilan nishonlashadi va ularga bayramona kayfiyat, koʻtarinki ruh ulashishadi.
Amudaryo tumanidagi Madaniyat va istirohat bogʻida ham ushbu bayram munosabati bilan “Bolalarga bering dunyoni!” deb nomlangan katta tadbir oʻtkazildi.
1-iyun kuni turfa gullar, baxtli bolalikni tarannum etuvchi shiorlar va boshqa bayramona bezaklar bilan bezatilib, yanada fayzga toʻlgan Istirohat bogʻiga tumanimizning barcha hududlaridan bolajonlar ota-onalari bilan birga tashrif buyurishdi. Turli ertak va multfilm qahramonlaridan gullar, rang-barang sharlar, ota-onalaridan turli oʻyinchoqlar va kitoblar koʻrinishidagi sovgʻalarni olgan bolajonlar xursandchiligi yanada cheksiz boʻldi. Ayniqsa, bogʻdagi turli koʻrgazmalar tashkil qilingan hududlar katta va kichik yoshdagi bolalar bilan toʻldi. Ushbu koʻrgazmalarni kichkintoylar katta qiziqish bilan tomosha qilishdi.
Bogʻning eng soʻlim yerida joylashgan maxsus tomoshagohda esa tuman Madaniyat va turizm boʻlimi tomonidan tayyorlangan bayram dasturi namoyish etildi. Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, hokmi oʻrinbosarlari, sektorlar rahbarlari, Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi, “Barkamol avlod” bolalar maktabi masʼullari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlari, tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar qatnashishdi.
Tadbirni tuman hokimi Sultanboy Yoʻldashev ochib berdi va yurt kelajagi boʻlgan bolajonlarni bayram bilan tabrikladi. Shuningdek, tumandagi 207 ming 483 nafar aholidan 76 ming nafarini voyaga yetmaganlar tashkil qilishini, shundan 3-7 yoshdagi bolalar soni 16 ming 841 nafarligi, ulardan 12237 nafari, yaʼni 72,7 foizi hududdagi 132 ta davlat, davlat-xususiy sheriklikdagi va oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olinganini, ushbu tashkilotlarda kichkintoylar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida soʻzladi. Yosh avlodni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchi ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Shundan soʻng, “Yosh tomoshabinlar teatri” havaskorlik toʻgaragi aʼzolari multfilm qahramonlari kiyimida sahnaga chiqib, tuman Madaniyat va turizm boʻlimi hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda tayyorlangan kontsert dasturini boshlashdi. Sahnalashtirilgan teatr tomoshalari, bolalar folklor jamoasining milliylikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlari ijro etilib, bolajonlarga olam-olam quvonch bagʻishladi.
Tadbir davomida turli musobaqa va bellashuvlarda qatnashib, yuqori natijalarga erishgan bolajonlarning, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilarining yutuqlari eʼtirof etildi hamda ularga faxriy yorliqlar, sovgʻalar topshirildi. Koʻrsatilgan yuksak eʼtibor, bayram sovgʻalari, samimiy tilaklar bolajonlarga yanada koʻproq quvonch baxsh etdi va yangi marralar, zafarlar sari ruhlantirdi.
Bayram kuni istirohat bogʻida kichkintoylarga muzqaymoqlar ulashildi, oʻrnatilgan turli xildagi attraktsionlar ham beminnat xizmat qildi. Jannatmakon, ozod va obod yurtda tugʻilib, eʼtibor va mehr ogʻushida ulgʻayayotgan jajji bolajonlar bayramda miriqib hordiq chiqarishdi.
Ushbu bayramda bolajonlar kattalar hamrohligida Xotira maydonidagi tuman oʻlkashunoslik va tarix muzeyida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Vatan manzaralari” deb nomlangan rasmlar koʻrgazmasiga ham tashrif buyurishdi.
Koʻrgazmada tumandagi isteʼdodli rassom Mangʻitbek Yerniyozov 10 tadan ziyod hamda 9-sonli va 21-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabining “Yosh rassomlar” toʻgaragi aʼzolari 30 taga yaqin eng sara rasmlari bilan ishtirok etishdi. Isteʼdodli rassom Mangʻitbek Yerniyozov koʻrgazmaga taqdim etgan asarlarida yurtimizdagi tarixiy maskanlar, soʻlim tabiatli goʻshalari, qishloq xoʻjaligi hayotini aks ettirgan. Shuningdek, elimizdagi sanʼat dargʻalari, qishloq xoʻjaligi sohasi fidoyilari, qahramonlari, nuroniy keksalar portretlarini xarakterli tarzda yaratgan.
Musiqa va sanʼat maktablarining “Yosh rassomlar” toʻgaragi aʼzolari esa atrof-muhitni asrash, ona tabiatga boʻlgan muhabbatini, his-tuygʻularini turfa ranglarda jilolantirishga, koʻrsatib berishga harakat qilgan. Shuningdek, jajji rassomlar oʻzlarining ijod namunalarida yurtdagi tinchlik, taraqqiyot va xalq farovonligi, buyuk kelajak haqidagi tushunchalari va tasavvurlarini ifodalashgan.
Bayram munosabati bilan yosh isteʼdodlarning ijodini rivojlantirish, ularning qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan mazkur koʻrgazma nafaqat kichkintoylarga, balki ularga hamrohlik qilgan ota-onalar, tarbiyachi opalarga ham juda manzur boʻldi va katta taassurotlar qoldirdi.
Ozoda Xudoyberganova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶