40-SONLI MAKTABDA XOTIRA VA QADRLASh KUNIGA BAGʻIShLANGAN TADBIRLAR OʻTKAZILDI
Eng shukuhli bayramlardan biri boʻlgan 9-may – Xotira va qadrlash kuni yurtimizda har yili keng nishonlanadi. Bu bayramda Ikkinchi jahon va Afgʻon urushi ishtirokchilari, front ortida mehnat qilgan faxriylar yanada eʼzozlanadi, shu urushlarda halok boʻlganlar, begunoh qurbonlar xotirlanadi. Shuningdek, oʻtgan davrlarda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida ham hurmat bajo keltiriladi.
8-may kuni Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 40-sonli umumtaʼlim maktabida ham katta tadbir tashkil etildi. Afgʻon urushining sobiq jangchilari, faxriylar ishtirokida oʻtkazilgan tadbirni maktab direktori Sanobar Xoʻjamurodova ochib berdi va Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz koʻrsatgan qahramonliklar, ota-bobolarimizning jasorati va matonati, yurt ozodligi uchun kurashgan mardlar, Afgʻon urushining begunoh qurbonlari, bugungi kunda yurtimizda urush ishtirokchilari, jangchi-faxriylarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklar toʻgʻrisida gapirdi.
Shundan soʻng, 1981-83-yillarda boʻlgan Afgʻon urushining sobiq jangchilari Mamatsoliy Abdullayev, Rustam Xoʻrozov, Roʻzimboy Nurimbetovlar oʻzlari guvoh boʻlgan urush xotiralari haqida soʻzlab berishdi. Ushbu urushdagi dahshatli janglar, halok boʻlgan quroldosh doʻstlari, ularning koʻrsatgan qahramonliklarini tilga olishdi. Jangchi-faxriylar hozirgi tinch-osoyishta, toʻkin-sochin va dorilomon kunlarni qadrlash kerakligini, yoshlarning bugungi kunda yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, Vatan kelajagiga munosib insonlar boʻlib voyaga yetishga intilishlari lozimligini taʼkidlashdi. Suhbat davomida oʻquvchilar sobiq jangchilarga oʻzlarini qiziqtirgan savollarni ham berib, javoblar olishdi.
Maktabning boshlangʻich sinf oʻquvchilari tomonidan ijro etilgan tinchlik, Vatan haqidagi sheʼrlar, yuqori sinf oʻquvchi-qizlari tomonidan ijro etilgan dilrabo raqslari tadbirga yanada fayz baxsh etdi. Uchrashuvga kelgan sobiq jangchilarga maktab maʼmuriyati tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir maktabning 8-9-10-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Xotira – abadiy, qadr – muqaddas” mavzusidagi insholar tanlovi bilan davom ettirildi. Oʻquvchilar oʻz insholarida Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish kerakligini bayon etib, urushni qoralab fikrlar bildirishdi. Tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini taʼminlash uchun ter toʻkib, unumli mehnat qilayotganimizga shukrona aytib, yurtimizda yoshlarning komil insonlar boʻlib voyaga yetishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorliklar va mislsiz oʻzgarishlar haqidagi mulohazalarini keltirishdi. “Biz tinchlik tarafdorimiz” mavzusidagi rasmlar tanlovida ham oʻquvchilar musaffo osmon, tinchlik va baxtiyorlikda kechayotgan hayot, oʻlkamizning obod goʻshalarini tasvirlab suratlar chizishdi.
Tadbir davomida maktabning sportchi-yoshlari ishtirokida Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan sport musobaqalari tashkil etildi. Oʻquvchilar musobaqalarda faol ishtirok etib, oʻzlarining sport mahorati, epchilliklari va yurtga himoyasiga munosib oʻgʻlonlar boʻlib voyaga yetayotganliklarini namoyoon etishdi.
40-sonli umumtaʼlim maktabida Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirlar oʻquvchilarda katta taassurotlar qoldirdi.
Umida Karimova, 40-sonli maktabning IMMB targʻibotchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶