KITOBXON YoShLAR IShTIROKIDA DAVRA SUHBATI BOʻLIB OʻTDI
Yoshlarning komil insonlar boʻlib voyaga yetishlarida kitob va kitobxonlikning ahamiyati nihoyatda kattadir. Kitobxonlik yoshlarning maʼnaviy dunyosini boyitadi, ularni halol yashash va toʻgʻri yoʻlga boshlaydi. Kitob hayotni chuqur anglab yetishga, insonning oʻz tanlagan orzulariga erishishga yordam beradi.
Amudaryo televideniyesida Oliy majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Yuksak maʼnaviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli grant loyihasi doirasida yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida tumandagi 30-sonli umumtaʼlim maktabda maktab kutubxonasiga sayohat va 9-sinf oʻquvchilari bilan davra suhbati tashkil etildi.
Dastlab oʻquvchilar bilan maktab kutubxonasidagi badiiy adabiyotlarning maʼno-mazmuni yuzasidan fikr almashildi. Oʻqib tugatgan badiiy asarlari yuzasidan shaxsiy xulosalari soʻraldi.
Shuningdek, oʻquvchilarga oʻqish tavsiya qilinadigan badiiy asarlar roʻyhati taqdim etildi.
9-sinf oʻquvchilari bilan tashkil etilgan davra suhbatida tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari Fotima Eshimbetova, shu maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Umida Rahimboyevalar ishtirok etishdi.
Tadbirda Fotima Eshimbetova shu kunning dolzarb masalalaridan biri− “Kitobxonlik madaniyati” mavzusida maʼruza qildi.
U oʻz maʼruzasida badiiy adabiyotlarni tanlashda nimalarga eʼtibor berilishi, mutolaa qilingan badiiy asarlardan qay tarzda xulosa chiqarish lozimligi haqida keng tarzda tushuntirish berdi.
Shundan soʻng, maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Umida Rahimbayeva kitob rastalarida kitoblar koʻpligini, shu barobarida kitobxonlar ham oz emasligini, lekin kitoblarni tanlab, saralab oʻqish lozim ekanligini aytib oʻtdi.
Shuningdek, yoshlarga toʻgʻri kelgan kitobni emas, aynan bizning millatimiz ruhiga mos, qalblarga maʼnaviy oziq, boylik beradigan asarlar oʻqishlarini targʻib etishdan iborat ekanligini aytib oʻtdi.
Darhaqiqat, hozirgi globallashuv jarayonida xalqning maʼnaviy ildizlariga bolta urish, “ommaviy madaniyat”, diniy ekstremizm, diniy aqidaparastlik gʻoyalarini targʻib qilishga xizmat qiluvchi kitoblar ham har xil yoʻllar bilan chetdan mamlakatimizga olib kelinayotir.
Bundan tashqari, maʼnaviy-tarbiyaviy ahamiyati sayoz asarlar ham chop etilayotir. Demak, oʻqiladigan asarni tanlay bilish ham sanʼat. Oʻsib kelayotgan yoshlar ongida ana shunday sanʼatni, toʻgʻrirogʻi, maʼnaviy immunitetni shakllantirishimiz va mustahkamlash zarurdir.
Davra suhbati davomida oʻquvchi yoshlar oʻzlari sevib mutolaa qilgan “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar”, “Oʻtkan kunlar”, “Jimjitlik” kabi asarlar haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Qolaversa oʻquvchilar asar qahramonlari oʻrnida boʻlib qolsalar ularning yoʻl qoʻygan xatolarini takrorlamasliklarini aytib oʻzining mustaqil fikrlarini bildirib oʻtishdi. Davra suhbati baxs-munozaraga boy tarzda qiziqarli boʻlib oʻtdi.
F.Eshimbetova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶