QILIChBOYDA NAVROʻZ TANTANALARI
Xalqimizning qadim tarixi va madaniyatining uzviy qismi boʻlgan Navroʻzi olam tantanalarini doimo orziqib, intiqib kutishimiz, unga talpinishimiz bejiz emas. Boisi, Navroʻz – birdamlik, tinchlik, totuvlik, doʻst-birodarlikni oʻzida ifoda etuvchi xalqchil bayramdir. Bayram bahona bir-birovni yoʻqlash, sumalak, goʻja, palov kabi milliy taomlar bilan doʻst-yoronlarni mehmon qilish, bemor, keksalar holidan xabar olish, muhtojlarga mehr-muruvvat koʻrsatib, koʻnglini olish – ushbu qutlugʻ kunda amalga oshiriladigan qadimiy odatlarimizdandir.
Xalqi mehnatkash, tanti Qilichboy ovulida ham bayram munosabati bilan tadbir tashkillashtirildi. Unga ovulda istiqomat qiluvchi ulugʻ yoshli nuroniylar, oʻgʻil-qizlarini odobli, ilmli qilib voyaga yetkazgan ibratli onalar, turli jabhalarda mehnat qilayotgan fidoyi insonlar, yoshlar ishtirok etdilar.
Ovul fuqarolar yigʻini binosi oldidagi bayramona bezatilgan ulkan maydonchaga yigʻilgan aholini ovul fuqarolar yigʻini raisi Bahrom Qodirov, raisning keksalar ishlari boʻyicha oʻrinbosari Amina Yusupova, ovul yoshlari yetakchisi Jasur Otamurodovlar qizgʻin tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdilar.
Davrada hududdagi davlat va xususiy maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari xodimlari tomonidan dasturxon yozilib, bahoriy taomlar, chevar va pazanda qizlar tayyorlagan turli pishiriqlar tortildi.
22-, 27-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotlari, 15-, 69-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirokida tayyorlangan “Xush kelibsan, Navroʻzi olam!” deb nomlangan teatrlashtirilgan bayram dasturi yigʻilganlarga cheksiz taassurotlar hadya etdi.
Jajji qizaloqlarning xalqimizning milliy kiyimlarida quvnab raqsga tushishlari, ona yurtimizni, tinchligimizni, yasharish, yangilanish fasli – bahor, Navroʻzni madh etuvchi sheʼr, qoʻshiqlar ijro etishi hech kimni eʼtiborsiz qoldirmadi.
Amudaryo tumani Madaniyat boʻlimi xodimlari chiqishlaridan soʻng, bayram tadbiri Muyassar Matyoqubova rahbarlik qilayotgan xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotida tashkillashtirilgan “Sumalak sayli” bilan davom etdi.
Muassasa xodimlari ovulning nuroniy onaxonlari maslahat va koʻrsatmalariga muvofiq sumalak qaynatayotgan ulkan doshqozon atrofida oʻyin-kulgular uzoq davom etdi.
Navroʻz bayrami munosabati bilan tashkillashtirilgan tadbirlar qilichboyliklarga xush kayfiyat, koʻtarinki ruh baxsh etdi. Ular bayram tashkilotchilari – ovul fuqarolar yigʻini, ovuldagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumiy oʻrta taʼlim maktablari, Qilichboy Madaniyat markazi masʼullariga ulkan minnatdorchilik bildirishdi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶