SUD MASʼULLARINING SAYYoR QABULIDA FUQAROLARNING MUROJAATLARI TINGLANDI
Amudaryo tumanida sud-huquq masalalari yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi masʼullarining sayyor qabuli tashkil etildi.
15-mart kuni 9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabida boʻlib oʻtgan sayyor qabulda Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi raisi Kamal Tarixov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maʼmuriy sudi raisi Amir Nurlipesov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi raisining oʻrinbosarlari Abdimirat Kerimbayev va Bahrom Ktaybekovlar fuqarolarni qabul qildilar. Shuningdek, tumandagi sudlar masʼullari, mutasaddi korxona-tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdilar.
Aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻtkazish, jinoyat va huquqbuzarliklar, tadbirkorlik faoliyati, fuqarolik va ommaviy-huquqiy munosabatlarga oid masala va murojaatlarini koʻrib chiqish, shuningdek, "Ayollar daftari"ga kiritilgan xotin-qizlarni huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va ularga huquqiy maslahatlar berish maqsadida oʻtkazilgan ushbu sayyor qabulda dastlab, sud-huquq sohasidagi islohotlar xususida soʻz yuritildi.
Sud masʼullari tomonidan soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovning samaradorligini oshirish boʻyicha izchil islohotlar olib borilayotganligi alohida taʼkidlandi. Xususan bu boradagi tegishli qaror va farmonlar sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratishga xizmat qilayotgani, sud hokimiyati organlari faoliyatining raqamlashtirilgani sohadagi yangi qadam boʻlgani, bu esa odil sudlovni amalga oshirish uchun maʼlumotlarning tezkorlik bilan olinishiga zamin yaratish bilan birga sudlar faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlayotgani haqida soʻzlab oʻtishdi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda sud hokimiyatida korruptsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni chuqur oʻrganish va tahlil qilish hamda oldini olish borasida muayyan ishlar samarali yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan yillar mobaynida qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilib, dadil qadamlar qoʻyildi. Bu yoʻnalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Ayni paytda sud tizimida “bir instantsiya – bir sud” tizimi joriy etilgan va nazorat instantsiyasi tugatilgan. Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Jinoyat-protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodekslariga sud qarorlarini qayta koʻrish institutini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Sayyor qabulda fuqarolarning murojaatlari tinglanib, huquqiy tushunchalar va maslahatlar berildi. Qabul davomida jinoyat ishlari boʻyicha 2 ta, fuqarolik ishlar boʻyicha 5 ta, maʼmuriy ishlar boʻyicha 4 ta, iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlarga oid 1 ta ogʻzaki tartibdagi murojaatlar qabul qilindi. Ushbu murojaatlardan 11 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berildi va 1 ta murojaat esa shu yerning oʻzida oʻrganilib, ijobiy hal etildi.
Boʻlib oʻtgan sayyor qabul davomida murojaatlari tinglangan va ular boʻyicha huquqiy tushunchalar, kerakli maslahatlar olgan fuqarolar Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi masʼullariga oʻz minnatdorchiliklarini bildirishdi.
A.Safarov, Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶