XOTIN-QIZLARGA FOIZSIZ TAʼLIM KREDITI QANDAY TARTIBDA BERILADI?
Prezidentning 2022-yil 18-iyuldagi Qaroriga koʻra, toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan xotin-qizlarga imtiyozli, foizsiz taʼlim krediti beriladi.
Unga koʻra, kunduzgi, sirtqi, kechki taʼlim yoʻnalishlarida tahsil olayotgan Oʻzbekistondagi barcha oliy taʼlim muassasalari talabalariga (davlat, xususiy va xorijiy OTMlar filiallari), oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻquvchilariga (texnikum, kasb-hunar kolleji va hakozo) beriladi.
Masofaviy taʼlim yoʻnalishida oʻqiyotganlarga berilmaydi.
Shu yerda savol tugʻilishi mumkin: Axir kredit 14 foizda berilar ekan-ku, nega foizsiz deyilyapti?
Toʻgʻri, taʼlim krediti aslida 14 foizlik stavkada beriladi. Ammo bu foiz qismini xotin-qizlar toʻlamaydi, davlat toʻlab beradi. Xotin-qizlar faqat taʼlim kreditining asosiy qismini toʻlaydi, xolos.
Taʼlim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab (yaʼni olti oy oʻtib) 7-yil davomida qaytariladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan taʼlim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.
Ushbu taʼlim krediti barcha bosqichdagi talabalarga beriladi. Shuningdek, mazkur taʼlim kreditini olish uchun yosh chegarasi belgilanmagan, yuqoridagi talablarga toʻgʻri keluvchi istalgan yoshdagi xotin-qizlar olishlari mumkin.
Taʼlim krediti bir yil uchun beriladi, 4 yillikni umumlashtirib olib boʻlmaydi. Lekin uni bir necha marta olish mumkin, bunga cheklov yoʻq. Yaʼni, birinchi bosqichda olganlar, ikkinchi bosqichda yana olishlari mumkin. Bundan tashqari, taʼlim kreditini oiladagi bir necha qiz farzandlar ham olishi mumkin, bitta oilaga faqat bir kishi degan cheklov yoʻq (faqat rasmiy daromadi bor kafil topilsa boʻldi). Biroq mazkur taʼlim krediti super-kontrakt, qoʻshma taʼlim va ikkinchi mutaxassislik uchun berilmaydi.
Taʼlim krediti faqat toʻlov-shartnoma summasi miqdorida beriladi. Masalan, aslida bir yillik toʻlov 10 mln. soʻm boʻlsa, 15 mln. soʻm kredit olib boʻlmaydi.
Kredit olinganda uni toʻlash uchun sarflangan mablagʻlar daromad soligʻidan ozod etiladi. Masalan, talabaning ota-onasi taʼlim kreditini toʻlash uchun oylik ish haqidan pul oʻtkazsa, unda oʻsha toʻlangan qismi boʻyicha oyligidan 12 foiz pul qaytarib beriladi.
N.JumaniYozova, tuman Adliya boʻlimi bosh maslahatchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶