XALQ HOKIMIYaTI – ommaviy hokimiyat
Hokimiyatni amalga oshirish – jamiyat, davlat, alohida hududlar, fuqarolarning birlashmalari ishlarini boshqarish, maʼlum maqsadlarni koʻzlab faoliyat koʻrsatish va koʻzlangan maqsadga, natijaga erishish demakdir.
Bu qoida Konstitutsiyaning aksariyat moddalarida, eng avvalo – 7-moddasida aks ettirilgan. Unga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir. Xalq suvereniteti, birinchidan, ayni mamlakatda xalq cheklanmagan hokimiyatga egaligini, ikkinchidan, xalq oʻz hokimiyatini bevosita hamda davlat hokimiyati organlari va mahalliy oʻzini-oʻzi boshqarish organlari orqali amalga oshirishi mumkinligini bildiradi.
Xalq hokimiyati – ommaviy hokimiyat boʻlib, u omma manfaatlarini koʻzlab amalga oshiriladi. U butun jamiyat va uning har bir aʼzosi manfaatlarini koʻzlaydi va uning muayyan funktsiyalari, shakllarini amalga oshirishda har kim ishtirok etishga haqli. Hokimiyat – butun xalq, uning maʼlum hududda yashaydigan qismi, xalq tomonidan saylangan vakillar, xalq tomonidan tarkib toptirilgan va xalq vakillarini oʻz ichiga olgan organlar tomonidan amalga oshiriladi. Hokimiyat – aholini ishontirish, tarbiyalash, ragʻbatlantirish, uyushtirish, zarur holda – majburlash usullarini qoʻllaydi. U oshkora, ochiq amalga oshiriladi, uning barcha tadbirlari jamoatchilik muhokamasidan oʻtadi va oʻtishi lozim.
Xalq hokimiyati Oʻzbekiston Respublikasida uch asosiy shaklda amalga oshiriladi: davlat hokimiyati, ijtimoiy xokimiyat, xalq hokimiyatining aralash shakli.
Xalq hokimiyatini amalga oshiruvchi davlat hokimiyati organlarining uch turi – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlari, darajasiga koʻra esa respublika organlari va mahalliy organlar farqlanadi.
Sof mahalliy xususiyatga ega masalalarni hal qilishda mahalliy oʻzini oʻzi boshqarishning ijtimoiy, yaʼni nodavlat tabiati namoyon boʻladi. Shunga qaramay, uning qarorlari ayni hudud aholisi uchun majburiydir. Konstitutsiyaning 101-moddasiga muvofiq, mahalliy hokimiyat organlari OʻzRning qonunlarini, Prezident Farmonlari, davlat hokimiyati yuqori organlarining qarorlarini amalga oshiradilar, respublika va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni muhokama qilishda qatnashadilar. Bunda yuqori organlarning oʻzlariga berilgan vakolat doirasida qabul qilgan qarorlari quyi organlar ijro etishi uchun majburiydir. Ikki xil vazifani qoʻshib amalga oshirganligi tufayli mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish hokimiyati yurtimizdagi xalq hokimiyatining aralash shakli – ijtimoiy-davlat hokimiyatini tashkil etadi.
Sanobar Xolboyeva,
tuman FHDYo boʻlimi mudirasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶