KAFOLATLI BEPUL UMUMIY TAʼLIM
Dunyoda xalq koʻp, millatlar, elu elatlar koʻp. Har bir xalq yashaydigan mamlakatlarning oʻz rivojlanish yoʻli, taraqqiyot omillari mavjud. Men baʼzan televideniye va matbuot xabarlari orqali turfa davlatlarda yashaydigan xalqlar hayotiga razm solib, jonajon mamlakatimizdagi inson omiliga, ayniqsa, taʼlim tizimiga eʼtiborning naqadar kattaligidan quvonib ketaman. Mamlakatimizda istiqlol yillarida taʼlim tizimiga qaratilayotgan eʼtibor, yoshlarga oid davlat siyosati, Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi asosida olib borilayotgan olamshumul ishlar bugungi kunda dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinmoqda.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etish joizki, taʼlim tizimidagi tub oʻzgarishlarga biz muhtaram Prezidentimizning oqilona siyosati, mamlakat hayotining iqtisodiy, ijtimoiy sohalarida kechayotgan islohotlar bilan har tomonlama bogʻliq holda ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilgan Kadrlar tayyorlash Milliy Dasturi orqali erishdik, deb baralla ayta olamiz. Chunki aynan ana shu ijtimoiy-siyosiy, ilmiy pedagogik asos mamlakatimizda pedagogik tafakkurning yuksalishiga olib keldi. Va bu Konstitutsiyamizda ham oʻz aksini topdi. Yaʼni, mamlakatimizda 9+3 tamoyili asosida 12-yillik bepul umumiy majburiy taʼlim tizimi joriy qilinib, maktab taʼlimi yetti tilda - oʻzbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, turkman va tojik tillarida olib borilayotgani, oʻtgan oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablarining 1-sinflarida chet tillarni oʻqitish pedtexnologiyasi joriy etilgani, eng olis qishloqlardagi maktablarda ham axborot-resurs markazlari faoliyat olib borayotgani, bugungi maktab oʻquvchisi elektron darslik qoʻllanmalar bilan taʼminlanayotgani, 12-yillik bepul umumiy taʼlim bilan yosh avlodning barcha vakillari qamrab olinayotgani gʻoyat ahamiyatlidir.
Bugungi umumtaʼlim maktabi kechagi qoloq, oʻzgarmas taʼlim dasturiga yopishib olgan, qoliplashtirilgan taʼlim muassasasi emas, balki jahon miqyosida tan olingan oʻz Milliy dasturiga ega, taraqqiyot bosqichiga kirgan taʼlim dargohiga aylangan. Chunki Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilganidek, bugungi maktab ishlari davlat nazoratidadir. Farzandlarimiz har jihatdan yetuk va bilimli boʻlib ulgʻayishlari uchun davlatimiz tomonidan har yili milliardlab soʻm mablagʻ ajratiladi. Oʻqib, bilim olishdan, oʻzi qiziqqan soha boʻyicha kasb-hunar egallashdan hech kim bebahra emas. Insonning shaxs sifatida shakllanishi, bilim olish huquqi Konstitutsiyamizning 41-moddasi bilan toʻliq kafolatlab qoʻyilgan. Mamlakatimizdagi barcha taʼlim maskanlari dunyo andozalariga mos ravishda innovatsion pedtexnologiyalar bilan jihozlangan.
Bu imkoniyatlarning barchasi oʻsib kelayotgan yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga xizmat qiladi. Bizning mamlakatimiz yoshlari eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan taʼlim maskanlarida oʻqib, yetuk mutaxassislar sifatida mustaqil hayotga yoʻllanma oladilar.
Laylo Fayzullayeva,
56-sonli maktab direktori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶