SANʼATGA OShUFTA SEVINChOY
Yoshlik – inson hayotining joʻshqin orzular fasli. Shu bois, inson umrining ana shu faslida biri-biridan goʻzal orzular ogʻushida yashaydi, oʻzining hayot yoʻlini ham qalbini junbushga keltirgan betakror orzu-umidlari roʻyobi uchun intilishlar, izlanishlar aro bogʻlaydi. Bu yoʻlda sabr-matonat, bilim va salohiyat sohiblari chinakam muvaffaqiyatga erishadilar.
69-sonli maktabning 11-sinf oʻquvchisi Sevinchoy Bektursunova, agar taʼbir joiz boʻlsa, ana shunday kuchli bilim va salohiyatli, oʻz orzulari yoʻlida matonat bilan olgʻa intilishdan toʻxtamaydigan qiz. U maktabda umumtaʼlim fanlarini puxta oʻzlashtirish bilan birga, bolaligidan sanʼatga qiziqishi tufayli anʼanaviy va estrada yoʻnalishlarida qoʻshiqlar kuylaydi. Nafis sanʼat turi – rang-tasvir yoʻnalishida suratlar chizadi, sport bilan muntazam shugʻullanadi.
U ilk marta maktab sahnasida ashula aytganida 10 yashar qizaloq edi. Yangi yil tadbirida jarangdor ovozi bilan bayram kechasiga fayz kiritgan Sevinchoyni oʻshanda butun maktabdoshlari, ustozlari mehr bilan olqishlashgandi.
Shu kundan boshlab, u darsdan boʻsh vaqtlarida maktabda tashkil etilgan musiqa va ashula toʻgaragining faol aʼzosiga aylandi.
Sevinchoy ulgʻaygan sari uning sanʼatga boʻlgan ishtiyoqi chinakam orzuga aylandi. U oʻzining shirali, jarangdor ovozi bilan 69-sonli maktab sahnasidan tuman va Respublika miqyosidagi sanʼat davralariga kirib borib, sanʼatsevar xalqimizni ona Vatan, tinchlik va doʻstlik mavzularidagi ashulalari bilan bahramand etdi. Turli xil koʻrik-tanlovlar gʻolibi, davlat tadbirlarining faol ishtirokchisiga aylandi. Oʻzining tirishqoqligi va intiluvchanligi bilan umumtaʼlim maktabining 9-sinfini imtiyozli tugatdi. Qilichboy Madaniyat markazi huzuridagi “Jayhun” xor jamoasining yetakchi solisti sifatida tengdoshlariga hamisha ibrat. 2021-yilda mazkur xor jamoasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi miqyosida oʻtkazilgan Madaniyat markazlari xor jamoalari oʻrtasidagi koʻrik-tanlovda faxrli 1-oʻrinni egalladi. Jamoaning bu yutugʻida yetakchi solist sifatida, albatta, Sevinchoy Bektursunovaning hissasi katta.
Serqirra iqtidor sohibasi S.Bektursunova estrada xonandaligi va anʼanaviy ijrochilik yoʻnalishi boʻyicha "5 ta muhim tashabbus" doirasida oʻtkazilgan “Yoshlar ovozi” Respublika koʻrik-tanlovining anʼanaviy ijrochilik yoʻnalishida mahalla va sektorlar boʻyicha bosqichlarida faxrli 1-oʻrinni, mazkur koʻrik-tanlovning tuman bosqichida esa 2-oʻrinni egalladi.
Sevinchoy kelajakda kim boʻlishidan qatʼiy nazar, bir umr sanʼatga oshno yashash, oʻz ashulalari, goʻzal raqslari bilan xalqimiz qalbiga quvonch va joʻshqin kayfiyat bagʻishlash orzusida. Orzu esa insonning abadiy hamrohi, uni ezguliklar sari ruhlantirib turuvchi kuch. Biz Sevinchoyga oʻz orzulariga erishish yoʻlida tolmas kuch, bilim va salohiyat tilaymiz.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶