Xotin-qizlar faolining bir ish kuni
Maʼlumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2022-yil 1-mart kuni xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash hamda ularni qoʻllab-quvvatlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtgan edi. Yigʻilishda yurtboshimiz “Agar xalqimizni rozi boʻlishini xohlasak, avvalo moʻʼtabar onalarimiz, opa-singillarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishimiz kerak. Ona rozi boʻlsa, oila rozi boʻladi, oila rozi boʻlsa, jamiyat rozi boʻladi” degan edilar.
Bu maqsad mamlakatimizning “Taraqqiyot strategiyasi”da eng muhim yoʻnalishlardan biri qilib belgilangan. Ularning ijrosini tizimli ravishda har bir mahalla kesimida amalga oshirish uchun Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisidagi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, Respublikamizning barcha hududlaridagi singari Amudaryo tumanining barcha ovul va mahallalariga ochiq tanlov asosida xotin-qizlar faollari tayinlandi.
Bugungi kunda xotin-qizlar faollar oʻz mahallasidagi ayol-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, muammolarini hal qilish yoʻlida sidqidildan mehnat qilib kelishmoqda.
Jumladan, Amudaryo tumani Choykoʻl ovul fuqarolar yigʻinining xotin-qizlar faoli Saylixan Muratbayeva ham oʻz mahallasidagi xotin-qizlar bilan birma-bir suhbatlashib, yordamga muhtoj ayol-qizlarning muammolarini hokim yordamchisi Rustam Rahimov bilan hamkorlikda hal qilinishiga erishmoqda.
Maʼlumot uchun, Choykoʻl ovulida jami 1 ming 79 ta xonadonda 6 ming 945 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 3 ming 478 nafarini ayollar tashkil etib, ushbu ayollardan 107 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan.
“Ayollar daftari” kiritilgan ayollarni kasb-hunarga oʻqitish maqsadida xotin-qizlar faolining tashabbusi bilan Choykoʻl ovul fuqarolar yigʻini binosida savat toʻqish kurslari yoʻlga qoʻyildi. 20 dan ortiq shogirdlariga savat toʻqishning sir-asrorlarini oʻrgatib kelayotgan Dilbar Gulmurzayeva qizlarning intiluvchanligi, tirishqoqligidan mamnun.
Qizlar toʻqigan savatlarini katta-kichikligiga qarab 50 mingdan 100 ming soʻmgacha sotib, daromad koʻrishmoqda.
Xotin-qizlar faoli ish kunlari davomida mahallaning faol, yoshi ulugʻ onaxonlari bilan suhbatlashib, maslahatlarini oladi. 5 nafar farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan, ularni uyli-joyli qilib, oqil farzandlar qilib tarbiyalagan Jumaboy Kamalov hamda Gulsara Kamalovalar bugun farzandlarining rohatini koʻrib, keksalik gashtini surishmoqda.
Xotin-qizlar faoli yosh oilalar oʻrtasida kelib chiqqan nizolarni bartaraf etishda Gulsara opa singari onaxonlar bilan hamkorlikda harakat qilib, ajrim yoqasiga kelib qolgan 9 ta oilani yarashtirishga muvaffaq boʻldi.
Xotin-qizlar faolining bevosita aralashuvi va yordami bilan mahalladgi tadbirkorlik qilish istagidagi ayollarga ham alohida eʼtibor va yordamlar koʻrsatilmoqda. Jumladan, bugungi kunda xotin-qizlar faolining saʼy-harakatlari bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz ayollarning 24 nafari ishga joylashtirilib, bandligi taʼminlandi. “Ayollar daftari” ga kiritilgan 2 nafar ayolga subsidiya asosida issiqxona qurib berildi.
Ayni kunlarda ushbu ayollar tomorqasidagi issiqxonalarda poliz mahsulotlarini yetishtirib, daromad koʻrishmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, mahalladagi xotin-qizlar faoli Saylixan Muratbayevaning ayol-qizlarning muammolarini hal qilish borasida amalga oshirayotgan tizimli ishlaridan mahalladoshlari mamnun. Ular har qanday masalada xotin-qizlar faoliga murojaat qilishmoqda. Oʻz navbatida murojaatlar ham oʻzining ijobiy yechimini topmoqda.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶