OʻZ –OʻZIGA IMKONIYaT EShIKLARINI OChAYoTGAN YIGIT
Inson zoti hayotda doimo orzu-umidlar bilan yashaydi, ularning roʻyobiga intiladi, izlanadi. Shu intilishlari yoʻlida kasb-kor, mutaxassislik egallab, mehnat qiladi. Biroq hayot tasodiflarga toʻla va kutilmagan holatlar odamning barcha niyatlarini chilparchin qilishi mumkin.
Amudaryo tumanining Bosuv mahallasida tugʻilib voyaga yetgan Jasurbek Oʻrozboyevning ham orzulari bisyor edi. Kasb-hunar kollejini tamomlab, qurilish sohasida faoliyatini davom ettirayotgan vaqtida 2019-yilda kutilmagan baxtsiz hodisa uni toʻshakka mixlab qoʻydi. Uzoq vait davomida davolandi. Tibbiyotda erishilayotgan yutuqlar, yangi-yangi davolash usullarining amaliyotga joriy etilayotganligi uning ham dardlariga malham boʻldi. Biroq asab tolalari jiddiy shikastlanganligi tufayli 1-guruh nogironi boʻlib qoldi.
Aslida umrimizning har bir lahzasi – sinov. Buni chuqur his qilib, Yaratganning hukmiga shukr qilish, imkon qadar yaxshilikka intilish haqiqiy insoniylikdir. Jasurbek Oʻrozboyev ham hayotdan nolib yurmadi, shifokorlarning maslahatlariga amal qilgan holda sogʻayishga sidqidildan intildi, nogiron boʻlsa-da umrini bemaqsad oʻtkazmaslik uchun foydali ish bilan shugʻullanishga harakat qila boshladi.
U ishni oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib, shu yoʻlda oʻqib-oʻrganishdan boshladi. Shunday qilib, oʻz qoʻllari bilan inkubator yasab, joʻja ochtirish bilan shugʻullana boshladi. Bu bilan ham cheklanmay, qushlar uchun qafaslar, baliq boqish uchun akvariumlar yasashni ham oʻrgandi va tez orada mijozlari koʻpaya boshladi.
Asli intiluvchan, oʻqib-oʻrganishdan toʻxtamaydigan yigit Oʻzbekiston Nogironlar jamiyatining tuman boʻlimiga aʼzo boʻldi va oʻzi kabi baxtsiz hodisalar tufayli nogiron boʻlib qolgan hamda tugʻma nogironligi boʻlgan yurtdoshlarimiz bilan yaqin hamkorlik oʻrnatdi. Ular bilan suhbatlashib, hayoti bilan tanishib, insonning koʻnglida yashashga, yaratishga ishtiyoq boʻlsa, imkoniyati cheklangan boʻlsa-da koʻp ishlarga qodir boʻlishini anglab yetdi va koʻnglida ertagi kuniga umidlari yana ham yuksaldi.
Hozirgi kunda Jasurbek Oʻrozboyevning faoliyati koʻlami yana ham ortgan. U turli mevali daraxtlarni payvandlab, iqlim sharoitimizga mos va hosildor daraxtlar koʻchatlarini ham yetishtirmoqda. Oʻz oilasini imkoniyati cheklangan boʻlsa-da hech narsaga zoriqtirmay, halol mehnatlari bilan boqib kelayapti. Tinch- osuda tonglarni ezgu niyatlar bilan qarshi olib, oilasini, mahallasini obod va farovon goʻshaga aylantirish ishtiyoqi bilan yashayotgan yurtdoshlarimiz koriga yarab, ular kabi mehnat qilayotganidan, mahsulidan el manfaatdor boʻlayotganidan u juda quvonadi. Shuning bilan birga yanada unumliroq ishlashga, hayotda hech kimdan kam boʻlmaslikka intiladi va bunga erishmoqda ham.
Biz jasoratli va matonatli yurtdoshimizning kelgusi ishlariga ham omad tilaymiz!
Sevara Ismoilova, QDU talabasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶