ELIM, DEGAN EL FIDOYISI
Oʻz kasbiy faoliyatim davomida turfa xulq-atvorli insonlar bilan uchrashib, muloqotda boʻlganman. Ular orasida, albatta, el-yurtga, kasbiga, oilasiga fidoyilar juda koʻp. Kimdir xalq manfaati uchun, kimdir oilasi, yana kimdir Vataniga jonfido, xalq xizmati uchun kamarbasta. Biroq yana bir toifa insonlar ham borki, hatto oʻzini, huzur-halovatini unutar darajada xalqim, deb intilib yashaydi. Baʼzan och-nahor, baʼzan qish izgʻirinlarida qoʻl-oyoqlari muzlab, saraton jaziramalarida jism-u joni qovrilib, xalq orasiga kirib boraveradi. Oʻz kasb faoliyatini amalga oshirish yoʻlidagi mashaqqatlardan aslo choʻchimaydi. Agar taʼbir joiz boʻlsa, amudaryolik badiiy soʻz ustasi, xalq orasida “Qobil radio” nomi bilan tanilgan Qobil ogʻa Shomurodov ana shunday fidoyilardan.
Amudaryo tumanining sobiq Kuybishev nomidagi, hozirgi Toʻlqin ovulida tugʻilgan Qobil Shomurodov matbuot sohasiga ilk qadam qoʻyganida hali maktab oʻquvchisi edi. Oʻtgan asrning 59-60-yillarida Qipchoq qishlogʻidagi hududiy tayanch maktab, hozirgi 11-sonli umumtaʼlim maskanida oʻrta maʼlumot olgan Qobil Shomurodov boʻsh vaqtlarini mutolaa bilan oʻtkazar, markaziy gazeta va jurnallar, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi “Sharq yulduzi”, “Fan va turmush”, “Guliston”, “Saodat” kabi matbuot nashrlari qatori “Amudaryo haqiqati” gazetasining har bir sonini maroq bilan oʻqir, oʻzi ham baʼzan tuman gazetasiga maqolalar yozib, pochta orqali joʻnatib turardi.
Gazeta sahifalarida Qobil Shomurodov imzosi bilan chop etilayotgan maqolalarga alohida eʼtibor bergan gazetaning yetakchi jurnalistlaridan biri Saʼdulla Xoʻjaniyozov boʻldi. Hech esidan chiqmaydi, 1967-yilda qishloqdagi hammom ishlamayotgani haqida yozgan hajviy sheʼri gazetada yoritilgach, oradan hech qancha vaqt oʻtmay, hammom toʻla quvvat bilan xalqqa xizmat koʻrsatishni boshladi. Qishloq ahli esa “hammomni ishlatgan” Qobil Shomurodov-ni shu kundan eʼtiboran “muxbir bola” deb chaqiradigan boʻldi. Ushbu voqea sabab “muxbir bola” tez-tez tahririyatga keladigan, ustozi Saʼdulla Xoʻjaniyozovdan jurnalistika sirlarini oʻrganish maqsadida uning rahbarligida tahririyat qoshida tashkil etilgan “Gulshan” va “Toʻlqin” ijodkor yoshlar toʻgaragi mashgʻulotlarida ishtirok etadigan boʻldi. Oradan bir necha yillar oʻtib, oʻz ijodiy uslubiga ega, qolaversa, dolzarb mavzulardagi maqolalari bilan xalqqa ancha tanilib qolgan Qobil Shomurodov ustozi S.Xoʻjaniyozovning qoʻllab-quvvatlashi va gʻamxoʻrligi tufayli 1978-yildan Qoraqalpogʻiston radiosining Amudaryo tumani boʻyicha maxsus muxbiri sifatida ilk jurnalistlik faoliyatini boshladi.
Qobil Shomurodov radio-jurnalist sifatida faoliyat yuritgan 1978-2020-yillar uning uchun haqiqiy kasbga fidoyilik yillari boʻlibgina qolmay, ijodda oʻz shaxsiy fikri va uslubiga ega jurnalist sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Oʻz malakasini oshirish, zamon bilan hamnafas qadam tashlash maqsadida ishdan ajralmagan holda NDPIning tarix fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan Qobil Shomurodov hayotining mazmuniga aylanib qolgan matbuot sohasiga, ijodga bir umr bogʻlanib qoldi. Umrining 40-yildan ziyod davrini oʻzi sevgan xalqqa maʼnaviyat va maʼrifat ulashish, ularni yangi-yangi marralar sari ruhlantirish, qalblariga joʻshqin kayfiyat ulashishdek ezgu ishga bagʻishlagan “muxbir bola” ulgʻaygan sari el aro hurmat-eʼtibor qozondi. Har tong nafaqat amudaryoliklar, balki qoraqalpoq ovullaridagi har bir xonadonga jarangdor ovozi, dolzarb mavzulardagi xabarlari, radioocherklari bilan kirib boradigan Qobil Shomurodovni xalq azbaroyi hurmat qilganidan “Qobil radio” deb chaqiradigan boʻlishdi.
Amudaryo tumanining har bir qishlogʻi, har bir qarich yeriga qadami tekkan “Qobil radio”ning oʻz kasbiga oʻta masʼuliyatliligi, fidoyiligi jamiki jurnalistlar uchun ibrat boʻlgulik. Hozirgiday kompyuter texnologiyalari rivojlanmagan, ovoz yozish uskunalari lentali kassetalardan iborat, kamida 2-3 kilogramm ogʻirlikdagi magnitofonni katta sumkaga joylab, dala-dasht kezgan, ertalab Jumurtogʻdagi togʻ-kon zavodidan eshittirish tayyorlasa, peshindan soʻng yo Nazarxonga, yo azim Qilichboyning Xolimbeg-u Doʻrman ovullariga yoʻl olguvchi Qobil Shomurodovning qahraton qish, yoz jaziramasi-yu, qor-yomgʻir demay, zimmasidagi kasbiy burchini hech injilmay bajarganlariga necha bora guvoh boʻlganmiz.
Butun ongli hayotini oʻz kasbiga sadoqat ila xalqqa maʼnaviyat va maʼrifat ulashishdek ezgu ishga bagʻishlagan matbuot fidoyisi Qobil ogʻa Shomurodov ayni paytda 75 yoshga toʻldilar. Qutlugʻ yoshida ham qoʻlidan qalamini qoʻymagan otaxon muxbir, mehr-oqibatli, el-yurtga qayishgan farzandlarining ardoqli otasi, oilaparvar umr yoʻldoshi Hanifaxon momoning sevimli yelkadoshi Qobil ogʻa Shomurodovga:
– Aslo charchamang, ijod qilishdan toʻxtamang, siz sevgan Amu elida Sizning ovozingiz, oʻtkir soʻzingizni kutib yashaguvchi muxlislaringiz borligini aslo unutmang, qutlugʻ 75 yoshingiz muborak boʻlsin! – deymiz.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶