83-sonli maktabda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar yuqori saviyada oʻtkazilmoqda
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 26-mart kungi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori butun mamlakatimiz buylab, umumtaʼlim maktablarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yanada yuksak darajada tashkil etilishiga qaratilgan huquqiy asos boʻldi.
Mamlakatimizda yoshlarning taʼlim – tarbiyasi bilan bogʻliq chora-tadbirlar zamirida ularning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodlar etib tarbiyalash masalasi birinchi darajada turganligi barchamizga maʼlum. Shu maʼnoda maktabgacha taʼlim, oʻrta taʼlim va Oliy taʼlim jipsligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, umumiy oʻrta taʼlimda olingan taʼlim va tarbiya taʼlimning Oliy bosqichiga poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Tumanimizning chekka hududlaridan biri − Qilichboy ovul fuqarolar yigʻinida joylashgan 83-sonli umumtaʼlim maktabida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilar ana shu ezgu maqsadlarni chuqur anglab yetgan holda oʻquvchilarga fidoiylik bilan taʼlim va tarbiya berib kelmoqdalar.
Maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Muqaddas Allabergenova oʻquvchilarning adabiyotga boʻlgan qiziqishlarini doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab keladi.
Maktabda oʻtkaziladigan badiiy kechalarda oʻquvchilar faol qatnashishga intiladilar. Adabiyotimizning coʻnmas yulduzlariga bagʻishlab oʻtkazilgan kechalar va davra suhbatlarida oʻquvchilarning isteʼdod va qobiliyatlari aniqlanib, rivojlantirib boriladi.
Maktabda sportning turli yoʻnalishlarida oʻtkazilayotgan musobaqalar ham oʻzining ijobiy natijasini bermoqda.
Mahoratli trenerlar tomonidan oʻquvchilarning koʻnikma va mahoratlari yanada sayqallanib boradi. Oʻzbek qoʻl janggi treneri Abror Atajanovning shogirdlari Lobar Jumabayeva hamda Inomjon Azamovlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida faxrli birinchi oʻrinni egallashgan boʻlsa, Aziza Sotiboldiyeva va Abdukarimov Diyorbeklar faxrli ikkinchi oʻrinni egalladilar.
Oʻquvchilar maktab maʼmuriyati tomonidan munosib ravishda ragʻbatlantirildi.
Maktabda kitobxonlik yarmarkalari ham tez-tez oʻtkazib turiladi. Yaqinda maktab hovlisida “Farzandimga kitob sovgʻa qilaman” shiori ostida katta yarmarka oʻtkazildi.
Ushbu yarmarkada ota-onalar ham qatnashib, oʻzbek va jahon adabiyotining eng sara namunalarini farzandlariga sovgʻa qilishdi. Yarmarka oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan kontsert dasturiga ulanib ketdi. Oʻquvchilar tomonidan ijro etilgan diltortar navolar va goʻzal raqslar ota-onalarning olqishiga va yuksak eʼtirofiga sazovor boʻldi.
Muhtaram Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan gʻoyani ilgari surgan edilar. Maktabda oʻquvchilarga berilayotgan sifatli taʼlim va oqilona tarbiya mana shu ulugʻvor gʻoyaning amaliy ifodasi hisoblanadi.
F.Eshimbetova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶