Xirmonlari yuksalayotgan fermer
Tumanimizning koʻp sonli paxtakorlari orasida Omonboy Rajabovning nomi alohida hurmat bilan tilga olinadi. Boisi u asosiy boyligimiz boʻlgan paxtachilikni rivojlantirishga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Oʻz ismi-sharifi bilan ataluvchi fermer xoʻjaligida har yili moʻljaldagidan-da koʻproq paxta hosili yetishtirmoqda. Shu bois uning rahbarligidagi mehnat jamoasi tumanimizdagi 40 tsentnerchilik harakatining dargʻalaridan biriga aylandi va oʻtgan yillardagi yuksak natijalariga koʻra fermer xoʻjaligiga hukumatimiz tomonidan yangi "Kaptiva” yengil mashinasi sovgʻa qilindi.
Omonboy Rajabov juda oddiy, kamtar va samimiy inson. Uning bilan bir zum boʻlsa-da uchrashib suhbatlashsangiz, dehqonchilikka doir koʻp bilimlarga ega boʻlasiz. Undagi yana bir ibratli fazilat - maqtanchoqlikni yomon koʻradi. U oʻzining butun hayotini, butun umrini halol va fidoyi mehnat bilan bezagan, ziynatlagan insondir.
Paxtakor zahmatkash, fidoyi inson boʻlishi kerak. Shundagina paxtadan moʻl hosil yetishtirishi mumkin. Dunyodagi eng koʻp mehnatni talab qiladigan ekin ham paxtadir. Yil - oʻn ikki oy davomidagi mehnatlarimiz hosilasi esa bugungi yuksak "oq oltin” xirmonlaridir, - deydi Omonboy Rajabov.
Ha, fidoyi inson Omonboy Rajabov rahbarligidagi fermer xoʻjaligi paxtakorlari joriy 2014-yilning 14-sentyabridayoq marradan oshib, yillik shartnomaviy rejalarini tumanda birinchi boʻlib bajargan boʻlsa, bugungi kunga kelib 370 tonnalik yuksak majburiyatini ham sharaf bilan ado etdilar va hosildorlikni gektar boshiga 40 tsentnerdan oshirdilar.
- "Oq oltin” xirmonimizning 148 tonnasi S-4727 navli ertapishar urugʻlik paxtadir. Bu paxta navi soʻnggi qirq yildan buyon oʻzining navlik xususiyatlarini toʻla oqlab kelayotgan paxta navlarining klassik namunasidir. Bu paxta navi bizning iqlim va yer-tuproq sharoitimizga juda mos keladi. Paxta tolasi va uning sifati boʻyicha IV tipga mansub boʻlgan bu paxta navi toʻqimachilik korxonalarida va jahon bozorida yuksak baholanadi, - deydi ilgʻor fermer Omonboy Rajabov.
Mazkur fermer xoʻjaligida yana bir ibratli jihatni koʻrdik. U ham boʻlsa, "Xizr eli” mahallasidagi yuragida choʻgʻi bor insonlarning barchasi paxtazorga otlangan. Ularning bari gʻayrat-shijoatli paxtakor terimchiga aylangan. Ularning halol mehnatlari tufayli xoʻjalik xirmoni tobora yuksalmoqda.
Q.ShOMURODOV.
Muallif olgan surat.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶