SUD XATShUNOSLIGIDA YoZUVNING TUZILIShI MUHIM AHAMIYaT KASB ETADI
Sud xatshunoslik ekspertizasining bevosita obʼekti odamning murakkab koʻnikmalaridan biri – yozuv koʻnikmasini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan xat, yaʼni yozuv hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, yozuv atamasining bir necha mazmuni mavjud. Kundalik hayotda yozuv deganda qoʻlyozma matnni bajarish jarayoni, pochta joʻnatmasi, odamning fikrlarini shartli grafik belgilar yordamida qayd etish va hokazolar tushuniladi. Ushbu tushuncha kriminalistika fanida quyidagicha talqin etiladi:
Yozuv – bu odamlarning oʻzaro muloqotga kirishishlarida ogʻzaki nutqiga qoʻshimcha vosita boʻlib, ogʻzaki nutqni muayyan tarzda ifodalaydigan turlicha grafik belgilar orqali amalga oshiriladi va ogʻzaki nutqni fazoda yuborish hamda vaqtda qayd etishga xizmat qiladi. Yozuv odamning nutq faoliyatining bir turi sifatida, umumiy tarzda sifat jihatdan murakkab va koʻp qirrali koʻnikmalar tizimiga asoslangan. Ushbu koʻnikmalar tizimi odam yozuvining funktsional-dinamik kompleksini tashkil qiladi. Yozuvning tuzilishi uch guruh koʻnikmalardan tashkil topadi.
Intellektual koʻnikmalar guruhiga odamning idrok etish, fikrlash koʻnikmalari va xotirasi va shu kabilar kiradi. S.M. Vul taʼkidlaganidek, “intellektual koʻnikmalar odamni atrof-muhit va voqelikni, uning shaxsiy tajribasi va ruhiyatining oʻziga xos xususiyatlari bilan ifodalanadigan bilish usullarini aks ettiradi. Ushbu koʻnikmalarning ayrim xususiyatlari yozuvdagi tushunchalar va mazmunida mavjud boʻladi”.
Yozuv-nutq koʻnikmalari guruhi oʻziga leksik, grammatik, stilistik, orfografik va punktuatsion koʻnikmalarni qamrab oladi. Umuman olganda ushbu koʻnikmalar odamning yozma nutqidagi oʻrni va roliga koʻra farqlanadi. Leksik va sintaksis koʻnikmalarsiz nutqni tasavvur qilib boʻlmaydi, shu boisdan ushbu koʻnikmalar odamning yozma nutqida muhim ahamiyat kasb etadi. Orfografik va punktuatsion koʻnikmalar aynan yozuv bilan bogʻliq ikkilamchi maʼlumotlarni tashkil qilganligi bois, yordamchi funktsiyalarni bajaradi.
Yozma-harakat koʻnikmalari yozuvning bevosita grafik va texnik jihatlari bilan bogʻliq. Shu boisdan, ushbu guruh ikki turdagi, texnik va grafik koʻnikmalardan tashkil topadi.
Taʼkidlash joizki, yozuvning funktsional-dinamik kompleksining tuzilishi va qonuniyatlari sud xatshunosligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi, chunki kriminalistik bilimlarning bevosita obʼekti boʻlgan yozuvning asosini aynan ular tashkil qiladi.
B.Yendirboyev, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi 3-oʻquv kursi kursanti.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶