"Jayxun ilhomlari" NNT grant loyihasi doirasida davra suhbati oʻtkazildi
Mamlakatimizda kelajagimiz boʻlgan yosh avlodning har tomonlama bilimli, oqil inson boʻlib yetishishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Zamonaviy maktablarda, eng soʻnggi rusumlardagi oʻquv jihozlari bilan taʼminlangan sinfxonalarda bilim olayotgan yurtimiz farzandlari bilim va ilmning eng yuqori choʻqqilarini egallamoqdalar.
Tumanimizda faoliyat yuritayotgan “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkilotining asosiy maqsadi ham tumandagi adabiyot, musiqa, badiiy va amaliy sanʼat sohasidagi iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni elga tanitish, ular ijodining yuksalishiga hissa qoʻshish, yoshlarning maʼnaviyatli, har tomonlama barkamol inson boʻlib yetishishlariga koʻmaklashishdir.
Shu maqsadlarda tashkilot tomonidan ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlarida, korxona-tashkilotlarda, maktablarda uchrashuvlar, tadbirlar oʻtkazilmoqda.
“Oilada farzand tarbiyasining ahamiyati, yoshlarni zararli illatlar va turli axloqsizliklardan himoya qilishda ota-onalar va mahallaning oʻrni”, “Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularni kitobxonlikka jalb qilish orqali giyohvandlik, ichkilikbozlik, turli axloqsizlardan himoya qilish”, “Yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini keng targʻib qilish, ularni ichkilikbozlik, giyohvandlik, turli axloqsizliklardan himoya qilish” mavzusidagi suhbatlar barchada katta qiziqish uygʻotmoqda. Tushuntirish ishlarining yanada natijali boʻlishi uchun bunga mahalla faollari, imomlar, shifokorlar, ijodkorlar maʼnaviyat targʻibotchilari, turli kasb egalari jalb qilingan.
Navbatdagi – “Oilada farzand tarbiyasining ahamiyati, yoshlarni zararli illatlar va turli axloqsizliklardan himoya qilishda ota-onalar va mahallaning oʻrni” mavzusidagi davra suhbati Mangʻit shahridagi Chordara mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtdi.
Davra suhbatini Chordara mahalla fuqarolar yigʻini raisi Tursunboy Serikboyev kirish soʻzi bilan ochdi hamda boshqarib berdi. U oʻz soʻzida farzand tarbiyasida ota-onalar, mahalla koʻy, barchamiz birdek masʼulmiz, deya alohida taʼkidlab oʻtdi.
“Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkilotining raisi Oʻrozali Reyimov grant loyihaning mazmun-mohiyati, loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar va ulardan kutilayotgan natijalar haqida keng tarzda tushuntirib berdi. Yoshlar tarbiyasi, ijodkor yoshlarni elga tanitishda “Taraqqiyot koʻzgusi”, “Mening oilam” gazetalarida, amunews.uz veb-sayti hamda Amudaryo televideniyesida olib borilayotgan koʻrsatuvlar, tumanimizda tashkil etilgan nashriyot orqali chop etilayotgan yangi kitoblar, tashkilot qoshidagi kutubxonaning imkoniyatlari barchaga tanishtirib oʻtildi.
Mahalla fuqarosi Xayitgul Rajabova farzand tarbiyasida ota-ona, mahalla faollari, yosh-u qari birdek harakat qilishi, farzandlarning bilimli, odobli, mehnatsevar insonlar boʻlib yetishishiga barchani hissa qoʻshishga chaqirdi.
Hududdagi 36-sonli umumtaʼlim maktabi direktori oʻrinbosari Bahrom Xoʻjamurodov oʻz soʻzida bolalar tarbiyasida ota-onalar va pedagogika jamoasini uzviy harakatda boʻlishga chaqirdi. Farzand tarbiyasi uchun maktabda ustozlar, uyda ota-onalar masʼulligi, ularni aqliy va foydali mehnat bilan shugʻullanishga undash lozimligi alohida uqtirildi.
Shuningdek, mahalla ahli ayni kunlarda koʻcha va xonadonlar atrofini obodonlashtirish, ariq va maydonchalarni tozalash, koʻkalamzorlashtirish ishlariga alohida eʼtibor qaratish, bu ham boʻlsa maʼnaviyatning, taʼlim tarbiyaning bir boʻlagi ekanligini taʼkidlab oʻtishdi.
Oʻ.REYIMOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶