Uyshin ovuli hududida joylashgan “Polvon bobo” qabristoni obodonlashtirildi
Muqaddas dinimizda qabristonni ziyorat qilish katta savoblar qatoriga kiritilgan. Zero, marhumlarning qoʻnim topgan maskanlarini obod qilish va ularning haqlariga duoda boʻlish insoniylik burchimizdir.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi “Muqaddas qadamjonlar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.
Ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Respublikamizning barcha hududlari singari Amudaryo tumanidagi qabristonlar, ziyoratgohlarda ham muntazam ravishda obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Tumanimizning Uyshin mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan “Polvon bobo” qabristonida ham Ramazon oyi arafasida obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ushbu ezgu va hayrli ishga mahallalardagi imom-xatiblar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xizmatchilari oʻz hissalarini qoʻshishdi.
Hashar − xalqimizning azaliy odatidir. Ozodalik, poklik va hamjihatlik xalqimiz qoniga singgan azaliy qadriyat, goʻzal anʼanalardan biri.
Muqaddas dinimizda ham poklik birlamchi masala sanaladi. Hashar bahona odamlar orasida oqibat rishtalari bogʻlanadi, yon-atrof tartibga keltiriladi. Qabristonlar gul-maysalarga, yashillikka burkansa, har bir qabr usti tozalanib, sarishta qilinsa, marhumlar ruhi shod boʻladi.
Umumiy yer maydoni 3 gektar boʻlgan “Polvon bobo” qabristoniga hasharchilar tomonidan 30 turdan ortiq daraxt koʻchatlari hamda gullar ekildi. Paxsa devorlar ohak bilan oqlanib, daraxtlarga shakl berildi. Shuningdek, qabriston ichkarisi qurib qolgan shox-shabbalardan tozalanib, qabriston yoʻlakchalariga tosh yotqizildi. Taʼmirtalab boʻlib qolgan qabrlar taʼmirlandi. Bundan tashqari, ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida tahoratxonalar pardozlanib, oʻrindiqlar oʻrnatildi.
Mahalla nuroniylari hashar davomida barcha yurtdoshlarimizni yanada jipslashib, qabristonlarni obod qilishga, oʻtganlar ruhiga hamisha izzat-ikrom koʻrsatishga chaqirdi. Shuningdek, yoshlarga qabristonni ziyorat qilish bilan birga uni obodonlashtirish savobi ulugʻ amallardan ekanligini oʻzining hikmatga toʻla nasihat va oʻgitlari bilan tushintirishdi.
Qolaversa, qabristonlarning tashqi koʻrinishini obod qilishga eʼtibor qaratish bilan birga, qabristonlarga kirganda kulishdan, baland ovozda gaplashishdan, ortiqcha harakatlardan tiyilib, odob-axloqni saqlagan holda ziyorat qilish lozimligini aytib oʻtishdi.
Darhaqiqat, milliy qadriyatlarimizni asrash, oʻtgan ajdodlarimiz xotirasini ulugʻlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish, muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarni obod qilish insoniy burchimizdir.
Buni yaxshi anglagan Uyshin mahallasining yosh-u qarilari tashkil etilgan hasharda faollik bilan qatnashib ota-bobolari qoʻnim topgan mangu maskanning hamda oʻz mahallasi hududining obodligiga hissa qoʻshishdi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶