“Yoshlar ovozi – 2022” tanlovi boshlandi
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda “Boʻzatov iqtidorlarni kashf etadi” shiori ostida 2021-yilda oʻtkazgan “Yoshlar ovozi” tanlovini joriy yilda ham davom ettirmoqda. Ushbu tanlov oʻtgan yili ilk bor oʻtkazilganiga qaramay, yoshlar orasida oʻz oʻrni va nufuziga ega boʻldi. Yoshlarning katta sahnalarda oʻz iqtidorini namoyish etish uchun imkon bergan tanlovning madhiyasi ham yaratildi va yoshlarning eʼtiboriga tushdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining qayta tiklangan Boʻzatov tumani yosh sanʼat ixlosmandlarini birlashtiradigan, oʻz sanʼatini namoyish etadigan minbarga aylandi. Ushbu tanlovning joriy yilgi mavsumi oʻtgan yilgidan farqliroq besh bosqichda oʻtkaziladi: saralash bosqichi, sektor bosqichi, mahalliy bosqich, hududiy bosqichi hamda respublika bosqichi. Hududiy bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan yosh isteʼdodlar Boʻzatov tumanida boʻlib oʻtadigan ushbu tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadilar. Quyi, yaʼni barcha mahallalarda oʻtkaziladigan saralash bosqichidan boshlab roʻyxatdan oʻtgan har bir ishtirokchining iqtidori sinovdan oʻtkaziladi.
10-15 yosh, 16-22 yosh va 23-30 yosh toifalarida ishtirokchilarning baxshichilik, anʼanaviy ijro (maqom, katta ashula, suvoraxonlik), opera hamda estrada kabi 4 ta yoʻnalishning birida iqtidorini sinovdan oʻtkazishni maqsad qilgan tanlovning ilk bosqichi tumanimizda ham boshlandi.
Shu kungacha Amudaryo tumanining 1- va 3-sektorlari hududidagi 24 ta ovul, mahalla, shaharchalardan 700 nafardan ziyod yoshlar tanlovning ilk bosqichida oʻz qobiliyatlarini sinovdan oʻtkazdilar. Shularning 63 nafari keyingi – sektor bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdilar. Shu jumladan joriy yilning 4-aprelida 21-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabida Qipchoq ovuli, shaharchasi va Daryo boʻyi mahallasi sanʼatsevar yoshlari tanlovning ilk bosqichida qatnashib, oʻz iqtidorlarini sinovdan oʻtkazdilar.
Shunisi quvonarliki, mamlakatimizda yoshlarning intellektual salohiyati yuksaltirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli va maqsadli oʻtkazish, iqtidorlarini rivojlantirishga koʻmaklashish va ularni birlashtirish maqsadida oʻtkazilayotgan tanlov chekka hududlar yoshlarini ham qamrab olayapti.
21-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabida oʻtkazilgan tanlovning ilk bosqichiga ishtirokchilar puxta tayyorgarliklar koʻrishganini namoyish etishdi. Unda qatnashgan 100 nafardan ziyod uch yosh toifasidagi ishtirokchilarning 36 nafari keyingi sektor bosqichida qatnashish imkoniyatini qoʻlga kiritishdi.
Baxshichilik, anʼanaviy ijro, opera va estrada yoʻnalishlarida oʻtkazilgan tanlovni malakali mutaxassislar, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi xodimlari haqqoniy baholab bordilar. “Yoshlar ovozi” tanlovi koʻplab iqtidorli yoshlarni aniqlashga xizmat qilmoqda. Ushbu tanlovning quyi yaʼni mahallalar bosqichi tumanimizda davom etmoqda.
Yangi ovozlarni kashf etish, ularni qoʻllab-quvvatlash, katta sahnalarda oʻz sanʼatini namoyish etish uchun keng yoʻl ochib beradigan tanlovning yakuniy bosqichi joriy yilda ham Boʻzatovda boʻlib oʻtadi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶