“Yashil makon” loyihasi doirasida koʻkalamzorlashtirish ishlari qizgʻin davom etmoqda
Maʼlumki, muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan butun mamlakatimiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng koʻlamli obodonlashtirish va koʻchat ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Loyihani samarali amalga oshirish uchun shu yilning 25-martidan 5-may sanasiga qadar koʻchat ekish boʻyicha “Dolzarb 40 kunlik” eʼlon qilindi.
Ushbu tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad − joriy bahorgi mavsumda Respublikamiz boʻylab 125 mln. dona manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlarini ekish, yashil maydonlarni kengaytirish boʻyicha belgilangan rejalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishdir.
Shu maqsadda Amudaryo tumanining barcha hududlarida “Yashil makon” loyihasi doirasida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
29-mart kuni tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, hokim oʻrinbosarlari hamda mutasaddi tashkilot rahbarlari ushbu hayrli ishga oʻz hissalarini qoʻshish maqsadida Doʻstlik mahallasi hududidagi yashil maydonga mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini oʻtqazishdi.
Maʼlumot uchun aytib oʻtish kerakki, mazkur loyiha doirasida ariq-zovurlarni tozalash, daraxtlarga shakl berish va obodonlashtirish ishlari bilan birga, tumanimiz boʻylab bahor mavsumida 724 ming tupdan ziyod virgin archasi, sharq tuyasi, yapon soforasi, katalpa, shumtol, qayragʻoch, jiyda, tut, zarang, akatsiya, terak, suriya atirguli, uzum qalamchalari, yongʻoq va shu kabi manzarali va mevali daraxt koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan.
Daraxtlar hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bogʻlar hosil qilish va koʻkalamzorlashtirishni nazarda tutgan holda tanlab olindi. Ekish ishlari yakunlanganidan keyin koʻchatlar agrotexnik talablar asosida parvarish qilinadi, mineral va organik oʻgʻitlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilish choralari koʻriladi.
Turli xildagi daraxt koʻchatlari ekilishi tumanimiz tabiatining sofligi va tozaligiga qolaversa, iqlim barqarorligiga katta qoʻshadi.
Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Yashil makon” loyihasi− bu bir yillik tadbir emas. Yashab turgan joyimizni ozoda saqlab, tabiatga qanchalik koʻp mehr va eʼtibor bersak, kelajak avlod ham munosib ekologik sharoitda yashaydi. Buning uchun bizdan talab qilinadigan birgina narsa –tabiatni toza saqlagan holda yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash hamda daraxt koʻchatlarini ekib, bogʻ yaratishdir.
Darhaqiqat, oʻtgan 2021-yil davomida ekilgan nihollar bugun boʻy koʻrsatib, koʻzni quvontirmoqda. Galdagi vazifa ushbu koʻkalamzorlashtirish ishlarini samarali tarzda davom qildirishdir.
Amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar ona tabiatni asrashga, shu bilan birga xalqimizning asrlar osha saqlanib kelayotgan milliy qadriyatlarini yoshlarimiz qalbiga yanada chuqur singdirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Shunday ekan, “Yashil makon” loyihasi doirasidagi koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarida barchamiz faol qatnashib, yashil maydonlar koʻpayishiga oʻz hissamizni qoʻshaylik!
Tuman hokimligining Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶