AMUDARYoDA NAVROʻZ SAYLI KOʻTARINKI RUHDA OʻTKAZILDI
Navroʻz – sharqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uygʻonishi bilan bogʻliq boʻlgan eng ardoqli, asl milliy bayramdir. Bugungi kunda xalqimizning ezgu va goʻzal qadriyatlarini, orzu-intilishlarini oʻzida mujassam etib, ajdodlardan bezavol oʻtib kelayotgan Navroʻzi olam shu diyordagi millati, tili va dinidan qatʼiy nazar, barcha yurtdoshlarimiz orziqib kutadigan tom maʼnodagi umumxalq bayramiga aylandi.
Amudaryo tumanida ham xalqimizning ushbu sevimli va azaliy bayrami munosabati bilan katta sayil tashkil etildi.
19-mart kuni tumandagi Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi oʻyingohida «Assalom Navroʻz – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!» shiori ostida oʻtkazilgan bayram tadbiriga barcha hududlardan turli yoshdagi yurtdoshlarimiz tashrif buyurdilar. Oʻyingohdagi Navroʻzni madh etuvchi shiorlar, rang-barang, turfa gullar, charxpalaklar, argʻimchoqlar, dorlar va shu kabi qadimiy, milliy bezaklar bayramga tashrif buyurganlarga oʻzgacha ruh bagʻishladi. Chor tarafdagi atlas koʻrpachalar solingan soʻri, shohsupalarda oʻtirgan keksa otaxonu-onaxonlarning yor-yor, lapar va oʻlanlar aytishayotgani, qizaloqlarning qoshlariga oʻsma qoʻyib, sochlariga jamalaklar taqib, milliy oʻyinlarni oʻynayotgani, bolajonlarning samoni toʻldirib uchirayotgan varraklari bayramga yanada fayz kiritdi.
Qator rastalardagi xalq milliy hunarmandchilik, milliy taomlar koʻrgazmalari koʻrgan koʻzlarni yashnatdi. Koʻrgazmalarda hunarmandlar tayyorlagan beshik, mis obdasta, qumgʻon, patnis, savat va shu kabi roʻzgʻor buyumlari oʻrin olgan. Milliy taomlar koʻrgazmasida esa turli qadimiy va tansiq taomlar ramziy koʻrkam dasturxoniga koʻrk bagʻishlagan. Sayilgohda mehmonlarga tumanimiz fermerlari va oqsoqollari tomonidan katta doshqozonlar oʻrnatilib, shu yerning oʻzida tayyorlangan osh va boshqa bahoriy tansiq taomlar ham tarqatildi.
Bayram tomoshasi boshlanishidan oldin tumanimiz rahbarlari masʼul mehmonlar bilan birgalikda koʻrgazmalarni tomosha qildilar hamda tashkilotchilarni bayram bilan qutladilar.
Shundan soʻng, hashamat bilan bezatilgan katta sahnada bayram tomoshalari boshlandi. Tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev soʻzga chiqib, butun xalqimizni Navroʻzi olam bilan muborakbod etdi.
Tabriklardan soʻng, tuman Madaniyat boʻlimi tomonidan tayyorlangan bayramona musiqiy dastur namoyish etildi. Dastur davomida tabiatning uygʻonishi, bahor manzaralari, zaminning gulga burkanishi maydon bezaklari bilan hamohang tarzdagi ajoyib kompozitsiyalar, sahna koʻrinishlari, raqs va qoʻshiqlar guldastasi bilan koʻrsatib berildi.
Bayram tomoshasida “Uchqun” ashula va raqs xalq ansambli, “Ofarin” folklor-etnografik xalq jamoasi, “Jayhun moʻʼjizasi” anʼanaviy xalq jamoalarining kompozitsion chiqishlari namoyish etildi. Tumandagi taniqli havaskorlik jamoalari va ijodiy toʻgarak aʼzolari, estrada xonandalarining yangi ohanglar bilan boyitilgan qadimiy xalq qoʻshiqlari orqali ona yurtimiz goʻzalligi, tinchligi va doʻstlik tuygʻulari tarannum etildi. Xalq qoʻshiqlarining uslubiy rang-barangligi estradamizda yangicha jarang kasb etishi aytishuvlar, yangicha talqindagi qoʻshiqlar misolida koʻrsatildi.
Amudaryo tumaniga xos boʻlgan mumtoz navolar, askiyachilik, masxarabozlik xalq sanʼati oʻyinlari, rasm-rusumlari namoyon etilgan kompozitsion chiqishlar ham barchaga manzur boʻldi.
Navroʻz nafasi, shukuhi ufurayotgan Amu eli ahli Navroʻzi olam shodiyonalariga bagʻishlangan sayilda koʻtarinki ruh, shod-u xurramlik bilan ishtirok etib, bayramni katta xursandchilik kayfiyatida nishonladilar. Ezgu tilaklar bildirib, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot uchun shukronalar aytdilar.
O.XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶