DEPUTAT OTABEK YOʻLDOShOV NAVROʻZ BAYRAMI ARAFASIDA SAYLOVChILAR BILAN UChRAShDI
Necha asrlardan beri xalqimizning milliy bayrami sifatida nishonlanib, yoshu keksaga birday ulkan quvonch va shodliklar hadya etadigan Navroʻzi olam tabiatning uygʻonishi, jonlanishi va yashil libosga burkanishi bilan ham azizdir. Bahoriy tengkunlik – sharq taqvimi boʻyicha Yangi kun – Navroʻz odamlar qalbida ham ezgu intilishlarni, ertagi kuniga umid, ishonch, shukronalik tuygʻularini uygʻotadi.
Shunisi eʼtiborliki, yurtimizda nishonlanadigan qutlugʻ sanalar, bayramlardan oʻzgacha Navroʻzi olamning oʻz falsafasi bor. Bu avvalo unda xalqimizning asriy anʼanalari, urf-odatlari, qadriyatlari yaqqol namoyon boʻlishi bilan ifodalanadi. Xayr-u saxovat, bagʻrikenglik, doʻst-birodarlik, qoʻni-qoʻshnilar, mahalladoshlar bilan ahil-inoq boʻlib yashashdek qadriyatlarimiz yanada mustahkamlanadi. Shuningdek, koʻmakka muhtoj, ehtiyojmand insonlarga, nogironligi boʻlganlarga, bemorlarga beminnat yordam beriladi, tabarruk keksalarni ziyorat qilib, duolarini olishga, yaqinlarga mehr koʻrsatishga eʼtibor kuchayadi.
Navroʻz shukuhi kezayotgan shu kunlarda Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputatlari ham oʻz saylovchilari huzurida boʻlib, ularning hayotidagi, faoliyatidagi yangiliklar bilan tanishmoqda, Navroʻzi olam bilan qutlab, ehtiyojmand oilalar, imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar olishmoqda.

15-mart kuni tuman Kengashi deputati Otabek Yoʻldoshov ham oʻzi saylangan hudud – Oq oltin ovulida boʻldi. Ovuldagi hokim yordamchisi Otabek Ibragimov hamrohligida kam taʼminlangan, sogʻligʻida muammolari bor fuqarolar holidan xabar oldi va bayram sovgʻalarini topshirdi. Guruh dastlab ovulning Koʻhna bosu aholi punktida yashaydigan Zebogul Boltaboyeva xonadonida boʻldilar. 1980-yilda tugʻilgan Zebogul Boltaboyeva koʻpdan beri kasallikdan aziyat chekadi. Bayram arafasida masʼullarning xonadoniga hol-ahvolini soʻrab kelishgani, sogʻayib ketishiga umid bildirishgani uning koʻnglini koʻtardi, dardini aritganday boʻldi.
Deputat ovul fuqarolar yigʻini masʼullari hamrohligida kam taʼminlangan, “Ayollar daftari”da roʻyxatda turuvchi Munavvar Kamolova, Nasiba Kenjayevalarning, kam taʼminlangan Nazokat Oʻrozboyeva, Malohat Shomurodovalar, Oʻrozimmat Iskandarovlarning xonadonlariga ham borib, bayram bilan qutlab, sovgʻa-salomlar topshirdi.
Deputat hududdagi 41-sonli, 71-sonli maktablarda ham boʻlib, taʼlim-tarbiya ishlari bilan tanishdi, oʻz xizmat vazifasini sidqidildan bajarayotgan 41-sonli maktab texnik xodimi Saʼdulla Yeshakayevga, yosh avlodga taʼlim-tarbiya berishda kasbdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan Gavhar Oʻrozboyevalarga sovgʻa-salomlar topshirdi, oʻqituvchilar bilan samimiy suhbatlashdi.

Inson hayotining turli pillapoyalarida turlicha sinovlarni ham, nurli kunlarni ham boshidan kechiradi. Biroq har qanday damda ham ogʻir kunlarida madad boʻlgan yo mehnatlarini eʼtirof etib, ezgu ishlarga ragʻbatlantirgan odamlarni unutmaydi. Shu maʼnoda olib qaraydigan boʻlsak, Mangʻit shahrida joylashgan Nukus Davlat pedgogika instituti huzuridagi matematikaga ixtisoslashgan maktab direktori, tuman Kengashi deputati Otabek Yoʻldoshovning bu ibratli ishlaridan koʻpchilik oʻrnak olsa, arziydi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶