Qoratovdagi 14-maktabda qozoq xalqining milliy marosimiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi
Mamlakatimizda turli millat vakillari ahil-inoq yashab kelmoqdalar. Yurtimizning turli burchaklarida har bir millatning emin-erkin yashashi, oʻz ona tilida bilim olishi, soʻzlashishi, millatining oʻziga xos urf-odatlarini, anʼanalarini saqlab qolgan holda avlodlarga yetkazishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston doimiy aholisi tarkibida oʻzbeklar, tojiklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar va ruslar eng yirik etnik guruhlarni tashkil qiladi.
2021-yilning 1-yanvar holatiga mamlakatimiz aholisining 821 ming 200 nafarini qozoqlar tashkil qiladi. Oʻzbek va qozoq millati azaldan qardosh xalq ekani hech kimga sir emas. Xalqlarning anʼanalari, urf-odatlari, turmush tarzi ham bir-biriga juda oʻxshash. Oʻzbekistonning turli hududlarida taʼlim qozoq tilida olib boriladigan maktablar bor. Shulardan biri – Nukus shahar xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli, bizga qoʻshni boʻlgan Qoratov elatidagi 14-sonli maktabdir.
Mazkur maktabda Navroʻz bayrami oldidan qozoq xalqining milliy marosimlaridan biri – anʼanaviy “koʻrishuv kuni” tadbiri oʻtkazildi. Bayram kechasini maktab direktori Ziynegul Rishpanova oʻzining tabrik soʻzi bilan ochib berdi. Tadbirda maktab oʻquvchilari, oʻqituvchilar, ota-onalar ishtirok etdi. Mehmonlar oldiga milliy taomlarga toʻla keng dasturxon yozildi.
Aytish joizki, qadim-qadimdan qozoqlar 21-mart – kun bilan tun tenglashgan kun, yangi dehqonchilik yilining boshlanishi arafasida, yaʼni, navroʻz bayramidan bir hafta oldin – 13-mart kuni “koʻrishuv kuni”ni nishonlab kelishgan. Oʻsha kuni el katxudolari, kayvoni onaxonlar boshchiligida keng dasturxon yozilib, uzoq ellarda yashovchi qarindoshlar ham bir joyga yigʻilib, uchrashishgan. Oʻsha kuni insonlarning oʻzaro gina-kuduratlari unutilib, urushgan odamlar koʻpchillik koʻz oʻngida yarashishgan. 21-mart – Navroʻz bayrami oldidan bir-birlariga ezgu tilaklar bildirishgan.
Qoraqalpogʻistonning taʼlim qozoq tilida olib boriladigan maktablarida ham “koʻrishuv kuni”ni oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylangan. Bu kunni oʻtkazishdan nafaqat ushbu bayram, balki millatning boshqada goʻzad urf-odatlari va anʼanalarini yosh avlodga yetkazishdek ezgu maqsad ham koʻzlangan.
Aytish kerakki, Nukus shahar xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli Qoratov elatidagi 14-sonli maktabda hozirgi kunda 489 nafar oʻquvchi taʼlim olmoqda. Ularga 47 nafar malakali pedagoglar jamoasi ilm-fan sirlarini oʻrgatib kelmoqdalar.
Tadbirga yigʻilgan mehmonlar anʼanaga koʻra bir-biri bilan quchoq ochib salomlashdilar, kelayotgan Navroʻz bayrami bilan bir-birlarini tabriklab, eng ezgu va samimiy tilaklarini bildirdilar.
Tadbirda qozoq xalqining milliy kuy-qoʻshiqlari, raqslari ijro etildi. Zayina Jumantayeva ijrosidagi “Navroʻz” qoʻshigʻi, oʻgʻil bolalar ijrosidagi raqs, 7-sinf oʻquvchisi Dinora Xolmurodova ijrosidagi “Sarjaylaoʻ” qoʻshigʻi, maktabning oʻquvchi qizlari ijrosidagi “Qozoq qizlari” raqsi, tadbir mehmoni Jonuzoq Bekjonovning dutor chalib aytgan milliy qoʻshigʻi, 3-sinf qizlari ijrosidagi “Qamajoy” raqsi, maktab oʻqituvchisi Gulxan Nuraddinova ijrosidagi “Aydinlar” qoʻshigʻi va oʻquvchi qizlar ijrosidagi qozoqcha raqs barcha yigʻilganlarda koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi.
Tadbir soʻngida el oqsoqollari ushbu milliy bayram kechasi tashkilotchilariga oʻzlarining chuqur minnatdorchiligini bildirdilar va maktab jamoasining yoshlarga taʼlim-tarbiya berish, ularni milliy urf-odat va anʼanalarga hurmat, jonajon Oʻzbekistonimizga sadoqat ruhida tarbiyalashdek ezgu ishlarida omad tiladilar. Tadbirni tashkil qilishda maktab direktorining maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha oʻrinbosari Aynura Sodiqovaning xizmatlari katta boʻldi.
Oʻrozali Reimov.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶