Hokim yordamchisining koʻmagi bilan 10 nafar fuqaro yer uchastkalarini ijaraga oldi
Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarda tashkil etilgan hokim yordamchisi lavozimiga Respublikamizning barcha hududlarida ochiq tanlov oʻtkazilib ular orasidan bilimli va salohiyatli xodimlar tanlab olindi. Amudaryo tumanida ham 49 ta mahalla va ovul fuqarolar yigʻinlari mavjud boʻlib har bir mahallaga 1 nafar hokim yordamchisi biriktirilgan. Hokim yordamchilari oʻz mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish joylarini yaratishga masʼul boʻlib yer, kredit, kasbga oʻqitish va boshqa zaruriy koʻmak berish tizimini yoʻlga qoʻymoqdalar.
Tumanimizning Kuyuk-koʻpir ovulida faoliyat boshlagan hokim yordamchisi Nodirbek Norimbatov ham oʻz mahallasi hududining infratuzilmasini yaxshilashga, hududda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga eʼtibor qaratib, ishbilarmonlik bilan shugʻullanish istagidagi fuqarolarga imtiyozli kreditlar ajratishda amaliy yordam koʻrsatgan holda yoʻl-yoʻriq va tavsiyalar berib kelmoqda.
Maʼlumki, yer olib, ekin ekkan holda oʻz tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishni istagan fuqarolarga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha yangi tizimi yaratildi. Hokim yordamchisi bu borada ham fuqarolarga yaqindan yordam bermoqda. Ovul aholisi bilan muloqot jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektron onlayn-auktsion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori haqida keng tarzda maʼlumotlar berilib, yer uchastkalarini ijaraga olish boʻyicha hujjatlarni toʻplash va onlayn auktsionda ishtirok etish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
Shu oʻrinda aytish lozimki, qisqa fursat ichida Kuyuk-koʻpir ovulida istiqomat qiluvchi fuqarolardan 10 nafari onlayn auktsionga qatnashib, yer maydonlarini ijaraga olishdi. Fuqaro Erkin Mamirov ham mazkur auktsionda ishtirok etib, 10-yil muddatga ijara asosida 41 sotix yer egasiga aylandi. Uning taʼkidlashicha, hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlar nafaqat aholi bandligini taʼminlash, balki qishloq xoʻjaligida mahsulotlar yetishtirish koʻlamini oshirish va xalq farovonligini taʼminlashga ham xizmat qiladi.
Mahallaning yana bir fuqarosi Baxtiyor Haytimbetov ham hokim yordamchisining tavsiyalari va koʻrsatmalari asosida ye-auksion onlayn platformasida roʻyxatdan oʻtib, belgilangan tartibda auktsionda ishtirok etdi va dehqon xoʻjaligi tashkil qilish uchun yer maydonini ijaraga oldi. U ham yerdan unumli foydalanib, avvalo oilasining iqtisodini yuksaltirishni va bozorlarimizga arzon narxda dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirib berishni maqsad qilgan.
Hokim yordamchisi tomonidan hududda ishsizlikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va daromad manbalarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar talaygina. Fuqarolardan esa faqatgina mavjud imkoniyatlar va shart-sharoitlardan foydalanish talab qilinadi, xolos.
Taʼkidlash joizki, paxta va gʻalladan qisqartirilgan yer maydonlarini aholiga ijaraga berish tizimi yaratilgani poliz va sabzavot ekinlari, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirish hajmining yanada ortishiga, pirovardida esa oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga zamin yaratadi.
Tuman hokimligining axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶