Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin tumanimizga tashrif buyurdi
Maktabgacha taʼlim – uzluksiz taʼlimning boshlangʻich qismi hisoblanadi. U bolaning sogʻlom va rivojlangan shaxs boʻlib shakllanishini taʼminlab, oʻqishga boʻlgan ishtiyoqini uygʻotib, tizimli oʻqitishga tayyorlab boradi. Shu sababli ham bugungi kunda yurtimizda taʼlimning poydevori hisoblangan maktabgacha taʼlim tizimini zamon talablari darajasida rivojlantirish, bogʻcha yoshidagi bolajonlarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish koʻrsatkichini oshirish masalasiga tizimli ravishda eʼtibor berilmoqda. Xususan, tumaning qamrov darajasi past boʻlgan ayrim hududlarida maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish, davlat-xususiy sherikchilik asosida va nodavlat oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Tumanimizdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda oʻz taklif va tavsiyalarini berish maqsadida 24-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin tumanimizga tashrif buyurdi.
Vazir Tosh yop ovuli “Obod qalʼa” aholi punktida joylashgan “Zebo” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻldi. Mazkur muassasa 100-oʻringa moʻljallangan boʻlib, bolajonlarga sifatli taʼlim-tarbiya berish bilan birga rus va ingliz tillarida muloqot qilish koʻnikmalari ham oʻrgatib kelinmoqda. Vazir muassasa faoliyati va bu yerda tarbiyalanuvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishar ekan, tarbiyachilar, oshpazlar, toʻgrak rahbarlari va boshqa xodimlar faoliyatini ham koʻzdan kechirdi.
Shundan soʻng vazir boshchiligida tumanimizdagi bir guruh soha masʼullari Mangʻit shahrining Oybek nomli mahallasi hududida joylashgan 6-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻlishdi. Vazir ushbu tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tumanimizdagi ushbu muassasada ham taʼlim-tarbiya jarayoni namunali tarzda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, har bir bolaning individual imkoniyatlarini, qobiliyatlarini, xohish-istaklarini, ehtiyojlarini hisobga olgan holda taʼlim hamda tarbiya berilmoqda.
Tashrif davomida vazir tomonidan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim va tarbiya jarayonlarini xorijiy mamlakatlar tajribasini qoʻllagan holda ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida tashkil qilish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Maʼlumki, 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida mamlakatimiz boʻyicha maktabgacha taʼlimdagi qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan kamida 80 foizga yetkazish reja qilib olingan. 2022-2023-yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024-2025 oʻquv yili yakuniga qadar esa 100 foizga yetkazish, maktabgacha taʼlim tizimiga xususiy sektor mablagʻlarini jalb qilish orqali 7 mingdan ziyod yangi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish asosiy maqsad qilib olingan. Maktabgacha taʼlim vaziri tumanimizda ham maktabgacha taʼlim tashkilotlari sonini oshirish va qamrov darajasini yanada kengaytirish borasida oʻz taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Tuman hokimligining axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶