Aholini roʻyxatga olish va uning mohiyati nimadan iborat?
Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar boʻyicha batafsil maʼlumot toʻplashning eng samarali usuli aholini roʻyxatga olishni tashkil etish hisoblanadi. Shu bois, 2023-yilda mamlakatimizda ilk bor oʻtkaziladigan aholini roʻyxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Tasavvur qiling, qoʻlingizda Oʻzbekiston xaritasi va unga qarab hududlarga doir birlamchi maʼlumotlarni aytish mumkin. Masalan, Qoraqalpogʻistonda qancha aholi yashaydi, Xorazmda bandlik masalasi qay ahvolda, Surxondaryoda nechta taʼlim muassasasi bor, Fargʻona vodiysida aholi zichligi qanday va shunga oʻxshash boshqa muhim maʼlumotlar. Biroq bunday yuzaki va taxminiy koʻrsatkichlar bilan bugungi jadal rivojlanish va islohotlar davrida uzoqni koʻzlab nimanidir reja qilish qiyin, albatta.
Aksincha, qoʻlimizda har bir hududga doir aniq faktlar boʻlsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta boʻladi. Aynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli maʼlumotlar kerak va ular yangilanib borilishi shart. Bunday aniq va yaxlit maʼlumotlar esa aholini roʻyxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab oʻtmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin. Shuningdek, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, maʼlumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida maʼlumot olishning yagona manbai hamdir.
Mustaqillik davrida biror marta bu jarayon oʻtkazilmagan
Maʼlumki, BMTning 2015-yil 10-iyundagi “2020-yilda aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish borasidagi printsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilingan va unga asosan, BMTga aʼzo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olishni oʻtkazishi belgilab qoʻyilgan. Ayni paytda MDH mamlakatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan.
Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan. Bunday sanoq soʻnggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrogʻi, 1989-yilda oʻtkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan maʼlumki, koʻpgina mamlakatlarda aholini roʻyxatga olish tadbiri kamida har oʻn yilda bir marotaba tashkillashtirilishi anaʼnaga aylangan. Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon yoʻlga qoʻyiladi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2019-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konseptsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Mazkur tadbir bizga nima beradi?
Aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʻlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʻrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.
Oʻz navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash boʻyicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol oʻynaydi.
Roʻyxatga olish qanday amalga oshiriladi?
Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi boʻlib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich boʻlib, bunda bevosita aholini roʻyxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yigʻiladi, nazorat tekshiruvi oʻtkaziladi va aholini roʻyxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. Soʻnggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar eʼlon qilinadi.
Hamza Haytimbetov, Amudaryo tumani Statistika boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶