“Maktabimiz atrofini yashil maskanga aylantiramiz” shiori ostida tadbirlar oʻtkazilmoqda
Yurtimizda eʼlon qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish boʻyicha “Dolzarb 40 kunlik” aktsiyasi yurtimizni yashil maskanga aylantiramiz shiori ostida hamjihatlik bilan amalga oshirilmoqda. Aktsiya doirasida xalq taʼlimi muassasalarida ham tadbirlar oʻtkazilmoqda. Joriy yilning 13-noyabr kuni 40-sonli umumtaʼlim maktabida “Maktabimizni yashil maskanga aylantiramiz” shiori ostida turli xil mevali, manzarali koʻchatlar ekildi. Shu kuni maktab hududiga 2-sektor rahbari, Amudaryo tumani prokurori J.Muftillayev ishtirokida 30 tup archa koʻchati oʻtqazildi. Umummilliy loyiha doirasida maktab hududidagi “Yoshlar bogʻi”ga 68 tup archa, 38 tup olma, 67 tup olcha, 18 tup gilos, 34 tup nok, 12 tup manzarali daraxtlar ekildi. Shuningdek, 1 gektar yer maydonlari shudgor qilinib, bahorgi ekish ishlariga tayyorlab qoʻyildi.

Maktabimizda 9-11-sinf oʻquvchilari orasida “Oʻzbekiston - yashil maskan”, “Maktabni yashil maskanga aylantiramiz” shiorlari ostida insholar tanlovi ham oʻtkazildi. Oʻquvchi-yoshlar qalbida yuksak maʼnaviy fazilatlar, shu jumladan ezgulik va insoniylik, mehribonlik va bagʻrikenglik, Vatani va xalqiga sadoqat tuygʻularini shakllantirish maqsadida oʻtkazilgan insholar tanlovida oʻquvchilar biri-biridan mazmunli insholar yozdilar. Tanlov gʻoliblari maʼnaviy ragʻbatlantirildi, ularga tinchlikning va hozirgi yurtimizdagi shart-sharoitlarning qadriga etish va undan oqilona foydalanish, milliy anʼana va qadriyatlarimiz zamirida Vatanga muhabbat, hurmat va ehtirom tuygʻulari mujassamligi haqida tushunchalar berildi. Noyabr oyida “Yashil makon” loyihasi doirasida 9-11-sinflar oʻrtasida “Oʻzbekiston - yashil makon” mavzusida ham insholar tanlovi oʻtkazildi. Unda 10-sinf oʻquvchisi Dilnoza Bozorboyeva ijodiy fikrlash doirasi kengligi bois, 1-oʻringa sazovor boʻldi. 2-oʻrin 9-sinf oʻquvchisi Iroda Norboyeva, 3-oʻrin 11-sinf oʻquvchisi Goʻzaloy Tursunboyevaga nasib etdi.

Xalqimizda “Koʻchat ek, bogʻ yarat” degan naql bor. Chunki ekilgan koʻchatlar unib-oʻsib chiroyli manzara hosil qilsa, kishining bagʻri-dilini ochib, koʻzlarini quvontiradi, bundan ham muhimi, havoning sofligini taʼminlaydi. Maktab hududining yashil makonga aylanishi, albatta oʻquvchi-yoshlarning ona tabiatga mehr qoʻyishlarida, ajdodlarimiz singari ulkan bogʻ-rogʻlar barpo etishlarida, yashillikdan bahra olib, ilhomlanib, yangi ijod namunalari yaratishlarida muhim ahamiyatga ega.
Umida Karimova, 40-sonli maktabning ijodiy-madaniy
masalalar boʻyicha targʻibotchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶