TOʻLQIN OVULI TOBORA GOʻZALLAShMOQDA
Amudaryo tumanida aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish masalalariga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Navbatdagi lavhamizda Toʻlqin ovulidagi bunyodkorlik ishlari haqida soʻz yuritiladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi izchil islohotlar tufayli xalqimizning hayoti va turmush darajasi tobora yuksalib borayapti. Bunda muhtaram Yurtboshimizning tashabbusi bilan joylarda aholi turmushidagi muammolar chuqur oʻrganilib, ijobiy hal etilayotganligi puxta zamin boʻlayotir.
Bugungi kunda mamlakatimizning qaysi bir burchagiga bormang, obod koʻchalar, biri-biridan koʻrkam, muhtasham binolar va oʻziga xos koʻkalamzor, fayzli manzaralarni koʻrasiz.
Tumanimizning Toʻlqin ovuli aholisi azal-azaldan mehnatkash, omilkorligi bilan maʼlum. Ular oʻz mehnatlari tufayli oʻz turmushlarini farovon, obod qilib yashashmoqda. Hududda oʻzbek, qoraqalpoq, rus, turkman, tatar, qozoq koreys kabi millatlarga mansub jami 8170 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 795 nafarini pensionerlar, 410 nafarini korxona va tashkilotlarda ishlovchilar, 29 nafarini tadbirkorlik faoliyati bilan band boʻlganlar, 684 nafarini qishloq xoʻjaligida band boʻlganlar, 112 nafarini mamlakatimizdagi turli oliygohlarda oʻqiyotgan talabalar, 16 nafarini ishlayotgan pensionerlar tashkil etadi.
Ovulda 109 ta turli toifadagi koʻchalar mavjud boʻlib, barchasi obodonlashtirilgan, koʻkalamzorlashtirilgan. Aholi farzandlari 4 ta maktabgacha taʼlim, 3 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablariga qamrab olingan va ularga bugungi kun talablariga muvofiq taʼlim-tarbiya berilmoqda.
Aholiga 1 ta muhalla guzari, 12 ta savdo doʻkonlari, 1 ta toʻyxona, 2 ta umumiy ovqatlanish shahobchasi, 2 ta zamonaviy uslubda qurilgan sport maydonchalari xizmat koʻrsatadi. 17 fermer xoʻjaliklari ovul aholisining ish bilan bandligini taʼminlashda muhim omil boʻlayotir.
Ovul fuqarolar yigʻini masʼul xodimlari aholining munosib turmush sharoitlarda yashashi, moddiy koʻmakka muhtoj oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagidagi fuqarolarga sharoit yaratish, hududda ijtimoiy maʼnaviy muhitni yaxshilash, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan alohida ish olib borish va qoʻllab-quvvatlash, oilalar tinch-totuvligini, aholi orasida yaqin qoʻshnichilik, mehr-oqibatni mustahkamlashga alohida eʼtibor berishmoqda.
Keyingi yillarda ovulda yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun ikkita zamonaviy mini futbol maydonchasi qurildi, sutni qayta ishlash, non pishirish tsexlari, 4 ta oziq-ovqat doʻkoni qurilib ishga tushirildi. “Xoʻja bobo” qadristoniga hashar yoʻli bilan nazorat punkti xonasi qurildi. “Kallali bobo” qabristoniga boriladigan yoʻlning 1 kilometr qismiga hashar yoʻli bilan tosh yotqizildi. Tadbirkorlar tomonidan ikkita suvni tozalash shahobchasi, avtomobil yuvish shahobchasi qurilib, ishga tushirildi. Elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish uchun 3 ta yangi transformator qoʻyildi, 33-sonli maktabga oʻquvchilar qatnaydigan yoʻl chetiga asfalt yoʻlakcha qurilmoqda.
Ovulda tomorqa yerlardan unumli foydalanilayotganligi alohida ahamiyat kasb etadi. 1403 ta xonadonlarning 235 gektar tomorqa yeri mavjud. Ushbu yerlarni fuqarolar ulkan daromad manbaiga aylantirishga. 19 ta xonadonda issiqxonalar mavjud. Bundan tashqari aholi chorvachilik, parrandachilik bilan ham shugʻullanishadi. 8 ta xonadonda 86 ta asalari oilalari parvarish qilinmoqda.
Ovul aholisining holidan xabar olish, turmushidagi yangiliklarni, muammolarni oʻrganish maqsadida ovul fuqarolar yigʻini oqsoqoli Rashid Abdugaliyev, raisning huquqiy targʻibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari, profilaktika inspektori Ravshanbek Qalandarov, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Gavhar Bobotoyeva, obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Alijon Eshalovlar aholi xonadonlarida boʻlib, suhbatlar olib boradilar.
Shu yilning 4-noyabrida keksa onaxonlarning istaklariga koʻra bir guruh mehnat faxriylarining koʻhna Chilpiq qoʻrgʻoniga sayohati tashkil etildi.
Onaxonlar oʻzlariga qaratilgan eʼtibor uchun ovul fuqarolar yigʻini masʼullaridan mamnun boʻldilar. Turli bayramlar, muhim sanalar munosabati bilan tashkil etilayotgan madaniy tadbirlarga ovul aholisi toʻla qamrab olinayapti.
Amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar ovul aholisi hayoti tinch-osoyishta, obod boʻlishini taʼminlayotir.
Oygul Rajabova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶