OChIQ SAYYoR SUDDA 7 NAFAR MAHKUM MUDDATIDAN OLDIN JAZODAN OZOD ETILDI
Yurtimizda jinoyat sodir etgan shaxslarga sodir etgan jinoyatining ijtimoiy xavfliligini tushunib yetishiga, tuzalish yoʻliga oʻtib, jamiyatga nafi tegadigan inson boʻlib qaytishiga koʻmaklashilmoqda. Aynan shu maqsadda tashkil etilgan Probatsiya xizmatlari faoliyati bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Probatsiya xizmati tomonidan shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatilishi natijasida ayrim jinoyat turlari kamayishiga erishilmoqda.
Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi tomonidan tuman Ichki ishlar boʻlimining maʼmuriy binosida ochiq sayyor sud majlisi oʻtkazildi. Sayyor sudda Probatsiya guruhida jazo muddatini oʻtayotgan nazorat ostidagi 7 nafar mahkumga nisbatan qoʻllanilgan jazolaridan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilishga doir ish koʻrib chiqildi.
Sud majlisida Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi masʼullari, tuman prokurori yordamchisi Abboz Niyazimbetov, tuman Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi katta inspektori Ruslan Iskandarovlar ishtirok etishdi.
Probatsiya guruhining taqdimnomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasi tartibida koʻrib chiqilgan sud ishi davomida ularning hozirda tuzalish yoʻliga oʻtganligi hamda jazoni oʻtash davrida oʻrnatilgan tartib-qoida talablarini bajarganligi va mehnatga halol munosabatda boʻlganligi eʼtiborga olindi. Nazorat davomida mahkumlarning sudlar tomonidan oʻrnatilgan taʼqiq va cheklovlarga toʻliq rioya etgani, xulq-atvori yaxshi tomonga oʻzgargani alohida aytib oʻtildi.
Sud ishi davomida mahkumlarning belgilangan jazodan toʻgʻri xulosa chiqargani inobatga olinib, tuman ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi taqdimnomasi qanoatlantirildi. Mahkumlar oʻtalmagan jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Jazo muddatidan oldin ozod etilgan mahkumlar bilib-bilmay jinoyat koʻchasiga kirib qolganidan pushaymon ekani va sodir etgan jinoyatining oqibatlarini toʻliq anglab yetganini alohida eʼtirof etdilar.
Sud davomida jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinib, jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan taqdirda Jinoyat Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlashi maʼlum qilindi.
Sayyor sud majlisida jinoyatining oqibatlarini toʻla anglab, axloqan tuzalish yoʻliga oʻtgan va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod etilgan mahkumlar qilmishlari kechirilgani uchun davlatimizga minnatdorlik bildirdilar. Jamiyatda oʻz oʻrnini topib, munosib xulq-atvorda boʻlish va yurtimiz rivojiga oʻz hissasini qoʻshishga qatiy soʻz berdilar.
J.Urazboyev, Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶